O‘zbekistonda o‘yin ishlab chiquvchilar uchun investitsiya fondi ishga tushirildi

21.07.2026 12:59
O'zbekchaРусский
O‘zbekiston ijodiy uyushmasi tomonidan mahalliy kompyuter va mobil o‘yinlar ishlab chiquvchilarini moliyalashtirish hamda ularning loyihalarini rivojlantirishga qaratilgan UzCA Game Fund investitsiya fondi ishga tushirildi.
O‘zbekistonda o‘yin ishlab chiquvchilar uchun investitsiya fondi ishga tushirildi

Foto: TechCrunch

O‘zbekiston ijodiy uyushmasi UzCA Game Fund investitsiya fondini ishga tushirdi. Bu haqda uyushma o‘zining rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Mazkur fond mahalliy kompyuter va mobil o‘yin ishlab chiquvchilarini moliyalashtirish, ularning loyihalarini rivojlantirish hamda xalqaro bozorga chiqishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Uyushma xabariga ko‘ra, UzCA Game Fund O‘zbekistondagi o‘yin sanoatiga ixtisoslashgan ilk investitsiya fondidir.

Fond doirasida loyihalarning rivojlanish bosqichiga qarab 1 ming dollardan 100 ming dollargacha va undan yuqori miqdorda sarmoya ajratilishi mumkin.

Xususan, dastlabki bosqichdagi loyihalar kichik hajmdagi moliyalashtirishdan foydalansa, o‘z faoliyatini kengaytirayotgan studiyalar yirikroq investitsiya jalb etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, uyushma xabarida fond o‘yinlarni bozorga olib chiqishda ham ko‘maklashishi aytilgan.

Jumladan, App Store va Google Play platformalarida joylashtirish va targ‘ib qilish, marketing, yangi foydalanuvchilarni jalb etish, mahsulotni tarqatish hamda nashriyot xizmatlari bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston ijodiy uyushmasi (UzCA) 2024-yilda tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotidir.

Uyushma o‘yinlar yaratish, animatsiya, kino, musiqa, dizayn va boshqa kreativ yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar hamda kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, sohani rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bilan shug‘ullanadi.

#fond#uzca_game_fund

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan