O‘zbekistonda sayohat narxi oshishi mumkin

22.07.2026 12:50
O'zbekchaРусский
Turizm qo‘mitasi chiqish turizmini tartibga solishga oid hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjatda Xavfsiz turizm jamg‘armasini tashkil etish, turoperatorlar uchun yangi talablarni joriy etish hamda Turkod tizimini ishga tushirish taklif etilmoqda.
O‘zbekistonda sayohat narxi oshishi mumkin

Foto: stat.uz

O‘zbekistonda chiqish turizmi sohasini tartibga solishning yangi tizimi joriy etilishi mumkin.

Turizm qo‘mitasi ishlab chiqqan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Loyihaga ko‘ra, Turizm qo‘mitasi huzurida Xavfsiz turizm jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘arma xorijda muammoga duch kelgan sayyohlarga yordam ko‘rsatish, ularni evakuatsiya qilish va O‘zbekistonga qaytarish, shuningdek, turoperator aybi bilan yetkazilgan zararni qoplash uchun xizmat qiladi.

Hujjatga muvofiq, chiqish turizmi bilan shug‘ullanuvchi turoperator litsenziya olish uchun jamg‘armaga kamida 50 ming dollar miqdorida zaxira mablag‘i o‘tkazishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, har bir sotilgan turpaket uchun bazaviy hisoblash miqdorining 0,15 baravari miqdorida maqsadli kafolat yig‘imi undiriladi. Ushbu yig‘im turpaket narxiga qo‘shiladi.

Loyihada Turkod tizimini joriy etish ham nazarda tutilgan. Har bir sayyoh uchun yagona elektron kod shakllantiriladi.

Unda sayyoh, turoperator, safar yo‘nalishi, sug‘urta va boshqa ma’lumotlar aks etadi. Kafolat yig‘imi to‘lanmasa, Turkod yaratilmaydi va turpaketni sotishga ruxsat berilmaydi.

Shuningdek, xorijiy turoperatorlarga O‘zbekiston fuqarolariga turpaketlarni faqat mahalliy litsenziyaga ega turoperator orqali yoki O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan o‘z yuridik shaxsi orqali sotishga ruxsat etiladi.

Turagentlarga esa xorijiy turoperator mahsulotlarini mahalliy turoperator ishtirokisiz sotish taqiqlanadi. Mazkur loyiha yuzasidan iqtisodchi Otabek Bakirov tanqidiy fikr bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, xorijiy turoperatorlarga qo‘yilayotgan cheklovlar bozordagi raqobatni kamaytirishi mumkin.

Bakirov, shuningdek, turoperatorlar uchun joriy etilayotgan 50 ming dollarlik zaxira mablag‘i talabi kichik va o‘rta kompaniyalar zimmasiga katta moliyaviy yuk bo‘lishini qayd etdi.

Uning fikricha, bu ayrim turoperatorlarning bozordan chiqib ketishiga va bozorning yirik kompaniyalar qo‘lida to‘planishiga olib kelishi mumkin.

Iqtisodchi har bir turpaket uchun undiriladigan kafolat yig‘imi ham oxir-oqibat sayyoh xarajatlarini oshirishini ta’kidladi.

U, shuningdek, loyihani Savdo-sanoat palatasi ko‘rib chiqqanmi hamda Adliya vazirligi uning tartibga solish ta’sirini baholaganmi, degan savollarni o‘rtaga tashladi.

Qaror loyihasi 30-iyulgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi. Shundan so‘ng kelib tushgan takliflar asosida hujjat qayta ko‘rib chiqilishi yoki tasdiqlash uchun kiritilishi mumkin.

#turizm#qaror_loyihasi

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan