Payme fintex kompaniyasi 2026-yilning birinchi yarmida 206 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi.
Bu haqda kompaniyaning yarim yillik hisobotida ma’lumot berilgan. Kompaniyaning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39 mlrd so‘mga yoki 24 foizga oshgan.

Infografika: tanga.uz
To‘lov tashkilotining yarim yillik daromadi esa 165 mlrd so‘mga ko‘payib, 493 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Kompaniya daromadining 159 mlrd so‘mi yoki 32 foizi tannarx hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida tannarx kompaniya daromadining 26 foizini tashkil etgan edi.
Joriy yarim yillikda kompaniyaning daromadi oshishi bilan birga xarajatlari ham ortgan.
Jumladan, sotish xarajatlari 78 foizga o‘sib, 61 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ma’muriy xarajatlarni esa aksincha, kamaytirishga muvaffaq bo‘lingan.
O‘tgan yilning mos davrida mazkur xarajatlar 3,6 mlrd so‘m bo‘lsa, joriy yarim yillikda 2,45 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.
Boshqa operatsion xarajatlar esa 62 foizga oshib, 30 mlrd so‘mga yetgan.
Payme kompaniyasi joriy yarim yil uchun 19,7 mlrd so‘m foyda solig‘i to‘lagan. Buning 1,9 mlrd so‘mi birinchi chorakda to‘langan.
Taqqoslash uchun, kompaniya o‘tgan yilning birinchi yarmida 2,7 mlrd so‘m foyda solig‘i to‘lagan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-apreldan boshlab Payme kabi to‘lov tashkilotlari uchun IT Park rezidentligi doirasidagi soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilindi.
Shu sababli ham Payme kompaniyasining ikkinchi chorakdagi foyda solig‘i to‘lovi keskin oshgan.
