2026-yilning birinchi yarmida banklar qariyb 11 trln so‘m sof foyda oldi

23.07.2026 07:30
O'zbekchaРусский
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan banklar 2026-yilning birinchi yarmida jami 11 trln so‘m sof foyda oldi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,5 trln so‘mga yoki 69 foizga ko‘proqdir. Ushbu davrni bitta bank zarar bilan yakunlagan.
2026-yilning birinchi yarmida banklar qariyb 11 trln so‘m sof foyda oldi

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Bankers.uz ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston banklari qariyb 11 trln so‘m sof foyda oldi.

Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,5 trln so‘mga yoki 69 foizga ko‘proqdir.

Ushbu davrda mavjud 34 ta bankdan 25 tasi moliyaviy natijasini yaxshilagan, 9 tasida esa, aksincha, sof foyda kamaygan yoki moliyaviy zarar yanada ko‘paygan.

Joriy yarim yillikni faqatgina AVO Bank zarar bilan yakunlagan. Ipoteka-bank, O‘zmilliybank hamda SQB esa 1 trln so‘mdan ko‘proq sof foyda olishga erishgan.

Infografika: tanga.uz

E’tiborlisi, Ipoteka-bank bir yil avval aynan shu davrda 392,5 mlrd so‘m zarar ko‘rgandi.

Shunday qilib, bank o‘tgan davrga nisbatan eng katta — 1 trln 781 mlrd so‘mlik sakrashni namoyish etib, zarardan yirik foydaga o‘tgan.

Davlat banklari

Davlat ulushi mavjud bo‘lgan to‘qqizta bank joriy yarim yillikda jami 3 trln 722 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,08 trln so‘mga yoki 41 foizga ko‘pdir.

Barcha davlat banklari ushbu davrni foyda bilan yakunlagan. Xalq Banki ushbu davrda davlat banklari orasida eng yuqori o‘sishni qayd etdi. Uning sof foydasi 3,2 barobarga ko‘payib, 650,5 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, SQB (+296 mlrd so‘m) va O‘zmilliybankning (+209 mlrd so‘m) ham foydasi sezilarli darajada oshgan.

Davlat banklaridan faqatgina Biznesni rivojlantirish bankining sof foydasi joriy davrda kamaydi. Bank o‘tgan yilning mos davrida 320 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan bo‘lsa, joriy davrda bu ko‘rsatkich 208 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Boshqa banklar

Davlat ulushi bo‘lmagan xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar joriy yarim yillikda jami 7 trln 271 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 3 trln 405 mlrd so‘mga yoki 88 foizga ko‘pdir.

Joriy yilning birinchi yarmida eng ko‘p sof foyda olgan o‘nta bankning yettitasi davlat ulushi bo‘lmagan banklardir.

Bular: Ipoteka-bank, Kapitalbank, Trastbank, Orient Finans bank, Ipak Yuli Bank, KDB Bank Uzbekistan va DavrBank.

Davlat ulushi bo‘lmagan banklardan faqat AVO Bank ushbu davrni zarar bilan yakunladi.

Bankning zarari o‘tgan yilning mos davridagi 1,8 mlrd so‘mdan bu yilgi yarim yillikda 7,1 mlrd so‘mgacha ko‘paygan.

Yettita bank, jumladan, Orient Finans bank, Ipak Yuli Bank, Universalbank, ANORBANK, Poytaxt Bank, mybank hamda Openbank foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan.

Izoh: O‘tgan yilning birinchi yarim yilligida bank tizimining umumiy natijasiga bu yil faoliyat yuritmayotgan ikkita bank — Yangi bank (55,6 mlrd so‘m zarar) va Yevrosiyo banki (51,6 mlrd so‘m zarar) ham ta’sir qilgan.

#banklar#sof_foyda

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan