UzVC Milliy venchur fondining 3,6 mlrd so‘mlik xaridini uning amaldagi hamkori qo’lga kiritdi

23.07.2026 14:37
O'zbekchaРусский
UzVC Milliy venchur fondining 3,6 mlrd so‘mlik tenderida Britaniyaning AKS Services Group kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Kompaniya fondning 2022-yildan buyon hamkori bo‘lib, uning faoliyati haqidagi ayrim ma’lumotlar Buyuk Britaniya reyestri bilan mos kelmadi.
UzVC Milliy venchur fondining 3,6 mlrd so‘mlik xaridini uning amaldagi hamkori qo’lga kiritdi

Foto: UzVC

Britaniyaning AKS Services Group kompaniyasi UzVC Milliy venchur fondining Startup Growth Program dasturining uchinchi bosqichini ishlab chiqish va o‘tkazish bo‘yicha shartnomasini qo‘lga kiritdi.

Uning taklifi mahalliy raqobatchining arizasidan deyarli 1 mlrd so‘m qimmatroq bo‘lsa-da, kompaniya maksimal texnik baho hisobiga g‘olib bo‘ldi.

Ochiq manbalarga ko’ra, AKS Services Group fond uchun notanish emas. UzVC va kompaniya 2022-yildan beri hamkorlik qilib kelgan, birgalikda akseleratsiya dasturlari va tadbirlar o‘tkazgan.

2025-yilda UzVC AKS’ni rasman o‘zining “Startup Growth Program 2.0” dasturini amalga oshirishdagi hamkori sifatida qayd etgan. Ya’ni AKS Services Group xuddi shu loyihani o‘tkan yili o‘tkazgan, ammo bu tanlovni ochiq manbalardan topishning imkoni bo‘lmadi.

AKS O‘zbekistonda yillar davomida Britaniyaning yetakchi xalqaro, konsalting va investitsiya kompaniyalaridan biri sifatida taqdim etib kelinmoqda.

Biroq Britaniya yuridik shaxsining so‘nggi mavjud hisobotida bitta xodim, 150 funt sterling pul mablag‘i, 330 funt sterling qisqa muddatli majburiyat va manfiy sof aktivlar ko‘rsatilgan.

Avvalroq kompaniya faoliyatsiz tashkilot sifatida hisobot topshirgan hamda nomi oshkor qilinmagan shaxsning agenti sifatida ishlaganini ma’lum qilgan.

Bu faktlarning o‘zi xarid oldindan AKS Services Group uchun tayyorlanganini yoki kompaniya shartnomani bajara olmasligini isbotlamaydi. Ammo ikkita savol yuzaga keladi:

1. UzVC bilan ko‘p yillik hamkorlik AKS’ga texnik talablarni tayyorlash va arizalarni baholash jarayonida ustunlik bergan bo‘lishi mumkinmi?

2. Nega moliyaviy va kadrlar resurslari minimal bo‘lgan kichik konsalting tuzilmasi rasmiy axborot maydonida Britaniyalik yirik hamkor va investor sifatida ko‘rsatiladi?

G‘alabani narx emas, texnik baho ta’minladi

Xaridning boshlang‘ich qiymati 3,6 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Tanlovda uchta kompaniya ishtirok etdi.

Infografika: tanga.uz

AI Station dasturni 2,7 mlrd so‘mga amalga oshirishni taklif qilgan — bu AKS Services Group taklifidan 912 mln so‘m arzonroq. Ammo narx yakuniy bahoning atigi 30 foizini qamragan. Qolgan 70 foiz texnik qismga to‘g‘ri kelgan va Britaniya kompaniyasi ushbu yo‘nalishda maksimal natijani olgan.

AKS Services Group to‘rtta mezonning har biri bo‘yicha maksimal ball olgan:

  • xalqaro tajriba va xorijiy ekspertlarning oflayn formatda ishtirok etishi;
  • asosiy mutaxassislarining barchasi tasdiqlangan xalqaro tajribaga ega bo‘lgan loyiha jamoasining mavjudligi;
  • butun dastur davomida kafolatli kuzatuv va qo‘llab-quvvatlash;
  • doimiy jalb qilinadigan beshdan ortiq xorijiy mentorning mavjudligi.

Komissiya raqobatchilarning baholarini batafsil izohlar bilan pasaytirgan. Masalan, Hackonnect taqdim etgan mutaxassislarning xalqaro tajribasi yetarlicha tasdiqlanmagan deb topilgan.

Boshqa arizalarda esa komissiya amalga oshirilgan dasturlar, mutaxassislarning vazifalari va erishilgan natijalar haqida batafsil ma’lumot yo‘qligiga e’tibor qaratgan.

Qizig’i Hackonnect UZVC bilan parallel ravishda ‘techstars” loyihasi doirasida birga ishlaydi va "Startup Growth Program 2.0" da ham hamkorlar tarkibiga kiritilgan. Shunga qaramasdan protokolda unda tajriba yo’qligi qayd etilgan.

AKS Services Group bo‘yicha esa bayonnomada hech nima yozilmagan va kompaniyaga maksimal ball berilgan.

Qaysi loyihalar o‘rganilgani, jamoaga kimlar kirgani va tajriba qanday hujjatlar bilan tasdiqlangani haqida taqqoslanadigan darajadagi izoh bayonnomada yo‘q.

Shunday qilib, komissiya ekspert bahosiga asoslangan holda g’olibni tanlagan, biroq g‘olibga nisbatan ushbu bahoning asoslantirilishi deyarli ochiqlanmagan.

Mezonlar AKS Services Group modeliga ideal darajada mos kelgan

Texnik baholashning tuzilishi alohida e’tiborga loyiq. Maksimal ballarni xalqaro maslahatchilar, xorijiy mentorlar, turli mamlakatlarda tajriba orttirgan mutaxassislar jalb qilinganini va ularning oflayn ishtirokini ko‘rsata oladigan kompaniyalarga berish belgilangan.

AKS Services Group bir necha yildan buyon aynan shunday model asosida ishlab kelmoqda. Ochiq manbalarda kompaniya bilan birga xalqaro tashkilotlar, Osiyo taraqqiyot banki va konsalting tuzilmalarining sobiq xodimlari ham tilga olingan.

AKS Services Group sayti ularning ayrimlarini maslahatchi va mustaqil konsultant deb ataydi. Ya’ni, kompaniya katta shtatga ega tashkilot sifatida emas, balki muayyan loyiha uchun tashqi jamoani to‘playdigan kichik yuridik yadro sifatida faoliyat yuritadi.

Bunday modelning o‘zi qonuniy bo‘lib, xalqaro konsaltingda keng tarqalgan. Biroq xaridning texnik mezonlari aynan shu turdagi kompaniyaga juda mos kelgan: katta shtat, yuqori aylanma va yirik aktivlar talab qilinmagan, maksimal ballni esa xalqaro rezyume va xorijiy mutaxassislar tarmog‘i hisobiga olish mumkin bo‘lgan.

Bu moslik bir qator savollarni yuzaga keltiradi: “Startup Growth Program 3.0” uchun texnik topshiriqni kim tayyorlagan? Xarid e’lon qilinishidan oldin AKS UzVC bilan dasturning keyingi bosqichi mazmunini muhokama qilganmi?

Talablarni tayyorlashda AKS Services Group’ning fond bilan hamkorlikda o‘tkazgan avvalgi dasturlari (Startup Growth Program 2.0) materiallaridan foydalanilganmi?

Moliyaviy resurslar talab qilingan — ammo aniq raqamlarsiz

Malaka talablarida ishtirokchi shartnomani bajarish uchun zarur texnik, moliyaviy, moddiy, kadrlar va boshqa resurslarga ega bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan.

Uchala ishtirokchi ham ushbu talabga javob beradi, deb topilgan. Biroq ochiq bayonnomada AKS Services Group aynan qanday moliyaviy va kadrlar bo‘yicha hujjatlarni taqdim etgani izohlanmagan.

Xarid hujjatlarida ham o‘lchanadigan minimal ko‘rsatkichlar belgilanmagan.

Bularga yillik aylanma, aktivlar hajmi, ijobiy sof aktivlar, bank hisobidagi minimal pul qoldig‘i, shtatdagi xodimlarning minimal soni, o‘xshash shartnomalarning qiymati yoki soni, majburiyatlarning bajarilishini ta’minlovchi bank kafolati kabi talablar kiritilmagan.

Shunday qilib, moliyaviy resurslar rasman talab etilgan bo‘lsa-da, buyurtmachi 3,6 mlrd so‘mlik shartnoma uchun qancha resurs yetarli bo‘lishini belgilamagan.

Shartlarda 30 foizlik oldindan to‘lov ham nazarda tutilgan. Shartnoma imzolangach, g‘olib 1,083 mlrd so‘m avans olishi mumkin edi. Garov miqdori 0 foiz etib belgilangan, bank kafolati esa xarid hujjatlariga muvofiq qabul qilinmagan.

Bu g‘olibning o‘z aylanma mablag‘lari kamroq ahamiyatga ega bo‘lganini anglatadi: dastlabki xarajatlarni buyurtmachining avansi hisobidan moliyalashtirish mumkin edi.

Ammo bu yerda boshqa savol tug‘iladi — agar majburiyatlar bajarilmasa yoki qisman bajarilsa, UzVC 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni qaytarish xavfini qanday baholagan?

AKS fondning uzoq yillik hamkori bo‘lgan

AKS Services Group UzVC ekotizimida tanlov arafasida paydo bo‘lib qolmagan. 2022-yil noyabr oyida Toshkentda birinchi Startup Growth Program dasturini ishga tushirishga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tgan.

Tashkilotchilarning materiallarida AKS Services Group Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda boshqa davlat va xalqaro tuzilmalar qatorida loyihaning tashkilotchilaridan biri sifatida ko‘rsatilgan.

AKS Services Group saytida ham Uzbek-British Trade and Industry Council doirasida “Uzbekistan Venture Capital department”ni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha memorandum imzolangani haqida ma’lumot tarqatilgan.

Ammo bu haqdagi sahifalarni topishning imkoni bo‘lmadi. Brauzer anonsida texnik yordam, yosh tadbirkorlarning xabardorligini oshirish va venchur sohasini rivojlantirish haqida so‘z boradi.

Ammo keyingi hamkorlik fondning rasmiy sayti orqali tasdiqlanadi. 2025-yilda UzVC Startup Growth Program 2.0 dasturi fond rahbarligida ishlab chiqilgani va AKS Services Group bilan hamkorlikda amalga oshirilganini ma’lum qilgan.

Fond va kompaniya to‘rt oylik dastur yakunida Demo Day hamda Central Asia Venture Conference tadbirlarini birgalikda o‘tkazgan. UzVC saytida tomonlarning hamkorligi 2022-yilda boshlangani to‘g‘ridan to‘g‘ri qayd etilgan.

Demak, SGP III xaridi vaqtida AKS Services Group noma’lum xorijiy ishtirokchi emas, balki aynan shu dasturni boshlagan hamkorlardan biri bo‘lgan va UzVC jamoasi bilan ishlab kelgan.

Avvalgi hamkorlikning o‘zi yangi xaridda qatnashishni taqiqlamaydi. Gap bunda emas.

Asosiy savol

UzVC’ning ko‘p yillik hamkori talablarni tayyorlash va arizalarni ekspert baholash jarayonida ustunlikka ega bo‘lmasligi uchun maxsus choralar ko‘rilganmi yoki fond amalda avvaldan shakllangan hamkorlikni davom ettiradigan ijrochini tanlaganmi?

Ya’ni bu xaridda raqobatni cheklovchi omillar bartaraf etilganmi yoki u shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘tkazilganmi?

Agar ikkinchisi bo‘lsa, bu yomon signal, chunki amaldagi hamkor boshlang‘ich narxni belgilashda ta’sir ko‘rsatishi mumkin va bunda budjet mablag‘larining asosli sarflanayotgani masalasida savollar paydo bo‘ladi.

Hozircha tanlov AKS Services Group uchun moslashtirilganini 100 foiz tasdiqlash imkoni yo‘q. Ammo texnik topshiriq va baholash mezonlari UzVC’ning avvalgi dasturlardagi hamkori — AKS Services Group modeli atrofida shakllantirilgan bo‘lishi mumkinligini ham istisno etib bo‘lmaydi.

Bitta xodim va 150 funt sterlingga ega kompaniya

Davlat xaridlari portalida g‘olibning to‘liq nomi AKS Services Group UK Ltd deb ko‘rsatilgan. Kompaniyaning STIRi (soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami) – 3788223970 (10 xonali).

Uning O‘zbekiston korxonasi emasligi aniq (O‘zbekistonda STIR 9 xonali), kompaniyaning 2009-yilda Afg‘onistonda ochilgani va shtab-kvartirasi Afg‘onistonda ekanligini inobatga olsak, bu STIR Afg‘onistonga tegishli (Afg‘onistonda STIR 10 xonali).

Ammo Afg‘oniston soliq xizmati portalida bu raqamli korxonani topishning imkoni bo‘lmadi. Shu sababli OAVda Buyuk Britaniya kompaniyasi sifatida tanishtirilayotgan AKS Services Group’ni Britaniya reyestrlaridan qidirdik va topdik.

AKS SERVICES GROUP LIMITED 2017-yil may oyida Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan. Uning nominal ustav kapitali 1 funt sterlingni tashkil etgan.

Bu kompaniya bir funt turadi degani emas: minimal ustav kapitali Britaniyaning xususiy kompaniyalari uchun odatiy hol. Biroq so‘nggi mavjud ko‘rsatkichlar uning yirik investitsiya yoki konsalting tuzilmasi degan imijini tasdiqlamaydi.

2025-yil 31-mart holatiga ko‘ra kompaniya quyidagi holatda bo‘lgan:

  • 150 funt sterling pul mablag‘i;
  • 330 funt sterling qisqa muddatli majburiyat;
  • -180 funt sterling sof aktivlar;
  • Bitta xodim (direktorning o‘zi).

Bundan bir yil avval kompaniyada 33 funt sterling pul mablag‘i va -297 funt sterling sof aktivlar bo‘lgan.

Avvalroq AKS Services Group “dormant accounts” — faoliyatsiz kompaniya hisobotini topshirgan. Hujjatda kompaniyaning yil davomida nomi oshkor etilmagan shaxsning agenti sifatida ishlagani ham qayd etilgan.

Britaniyada mikrokompaniyaning qisqartirilgan hisoboti tushumni, bajarilgan shartnomalar qiymatini, kredit liniyalarini va tashqi maslahatchilar bilan hisob-kitoblarni oshkor qilmaydi. Bundan tashqari, 2026-yil iyuliga kelib kompaniyaning moliyaviy holati o‘zgargan bo‘lishi ham mumkin.

Ammo bu ko‘rsatkichlar Britaniyadagi yuridik shaxsning ko‘lami minimal bo‘lganini ko‘rsatadi. Kompaniya, ehtimol, loyihalarni avanslar, vositachilik, hamkorlar va muayyan vazifalar uchun jalb qilinadigan mutaxassislar orqali amalga oshirgan.

Aynan shu yerda maqolaning ikkinchi asosiy savoli yuzaga keladi: nima uchun O‘zbekistonda bunday tuzilma oddiy maslahatchi va vositachi sifatida emas, balki Britaniyaning yirik kompaniyasi va investitsion maslahatchisi sifatida taqdim etilmoqda?

Yana bir savol: tenderni Afg‘onistondagi AKS Services Group yutdimi, Britaniyadagimi yoki O‘zbekistondagimi?

Ularning uchalasida xodimlar soni, moliyaviy ahvoli va boshqa jihatlar har xilmi? Bu nomlar shunchaki nominalmi yoki bu korxonalar joylashgan hudud haqiqatan ham nimanidir hal qiladimi?

Umid qilamizki, mas’ul idoralarimiz o‘z hamkorlarining shunchaki Yevropada ro‘yxatdan o‘tgani faktiga emas, balki ularning mavjud salohiyatiga ham e’tibor qaratadi.

#uzvc#tender#surishtiruv

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan