O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7 mln so‘mdan oshdi

27.07.2026 07:06
O'zbekchaРусский
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 7 mln 91 ming so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 1 mln 102 ming so‘mga yoki ko‘pdir.
O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7 mln so‘mdan oshdi

Foto: Bahrom Xatamov / Sputnik

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 7 mln 91 ming so‘mni tashkil qildi.

Taqqoslash uchun, bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 1 mln 102 ming so‘mga yoki 18,4 foizga ko‘pdir.

Manba: Statistika qo‘mitasi

Hududlar kesimida qaralganda, eng yuqori o‘rtacha oylik nominal ish haqi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, 12 mln so‘mni tashkil etgan.

Undan keyingi o‘rinlarda Navoiy (8 mln 723 ming so‘m) hamda Toshkent viloyati (6 mln 676 ming so‘m) turibdi.

Infografika: tanga.uz

Yarim yillikda eng past nominal ish haqi Qashqadaryo viloyatida kuzatilib, 4 mln 864 ming so‘mga teng bo‘lgan.

Ish haqining o‘sish sur’atlari bo‘yicha Jizzax (20,4%) hamda Namangan (19,4%) viloyatlari yetakchilik qilmoqda.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha qaralganda, bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasi hamon peshqadamligini saqlab turibdi.

Infografika: tanga.uz

Mazkur yo‘nalishda joriy yilning birinchi yarmida o‘rtacha oylik nominal ish haqi 19 mln 100 ming so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,5 foizga yuqoridir.

Manba: Statistika qo‘mitasi

Ikkinchi o‘rinda axborot va aloqa sohasi joylashgan bo‘lib, unda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 17 mln 417 ming so‘mga yetgan.

Tashish va saqlash sohasida bu ko‘rsatkich 11 mln 70 ming so‘mni, sanoatda 8 mln 267 ming so‘mni, savdo sohasida esa 7 mln 651 ming so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi 4 mln 977 ming so‘m, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida esa 4 mln 440 ming so‘mga teng bo‘lgan.

Ish haqi o‘sish sur’atlari bo‘yicha tashish va saqlash sohasi yetakchilik qildi. Mazkur yo‘nalishda o‘rtacha ish haqi bir yil ichida 22,8 foizga oshgan.

Keyingi o‘rinlarda ta’lim (20,3%), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar (20,1%) hamda qurilish (19,9%) sohalari qayd etilgan.

Eng past o‘sish esa yashash va ovqatlanish xizmatlari (11,2%) hamda savdo (13,1%) sohalarida kuzatildi.

#ish_haqi

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan