Trastbank qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali ustav kapitalini 1 trln 250 mln so‘mga oshirmoqda.
Bu bo‘yicha tegishli qaror 23-iyul kuni bank kuzatuv kengashi yig‘ilishida qabul qilingan.
Qarorga muvofiq, nominal qiymati 1 000 so‘m bo‘lgan 1 mlrd 227 ming dona oddiy hamda 23 ming dona imtiyozli aksiya chiqariladi.
Yangi aksiyalar bankning amaldagi aksiyadorlari o‘rtasida har bir mavjud aksiya uchun bittadan qo‘shimcha aksiya berish yo‘li bilan yopiq obuna asosida joylashtiriladi.
Emissiya bankning o‘tgan yillarda shakllangan taqsimlanmagan foydasini kapitallashtirish hisobidan amalga oshiriladi.
Shu sababli aksiyadorlardan qo‘shimcha mablag‘ jalb qilinmaydi.
Aksiyalar qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga soluvchi vakolatli organ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng, 6-ish kunidan boshlab joylashtiriladi.
Emissiya yakunlangach, bankning ustav kapitali 2 trln 500 mln so‘mga yetkaziladi.
Ma’lumot uchun, Trastbank xususiy aksiyadorlik tijorat banki bo‘lib, uning eng yirik aksiyadorlari Dilmurodjon Parpiyev va Tohir Sharipovdir.
2026-yil ikkinchi chorak yakunlariga ko‘ra, bankning taqsimlanmagan foydasi 2 trln 136 mlrd so‘mni tashkil etgan.
