Moliyalashtirish va kuchli jamoa yetishmasligi startaplar o‘sishiga to‘sqinlik qilmoqda — tadqiqot

28.07.2026 15:26
O'zbekchaРусский
Stanbase O‘zbekistondagi startap asoschisining portretini o‘rganish maqsadida tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, startaplarning asosiy muammosi moliyalashtirish yetishmasligi bo‘lib, ko‘plab loyihalar o‘z mablag‘i hisobidan rivojlanmoqda.
Moliyalashtirish va kuchli jamoa yetishmasligi startaplar o‘sishiga to‘sqinlik qilmoqda — tadqiqot

Foto: tanga.uz / SI

Stanbase O‘zbekistondagi startap asoschisining portretini o‘rganish maqsadida tadqiqot o‘tkazdi.

Tadqiqot ikki bosqichda amalga oshirilgan. Birinchi bosqichda startap asoschilari o‘rtasida keng qamrovli so‘rovnoma o‘tkazilib, unda 270 nafar startap asoschisi ishtirok etgan.

Tekshiruv davomida ularning 229 nafarining javoblari yaroqli deb topilgan. Ikkinchi bosqichda esa 25 nafar asoschidan chuqurlashtirilgan intervyular olingan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 229 nafar asoschining yarmidan ko‘pining startapi MVP (minimal ishlaydigan mahsulot) bosqichida ekan.

Shuningdek, 24 foizining startapi dastlabki sotuvga chiqqan, 15 foiziniki o‘sish bosqichida bo‘lsa, 11 foiziniki g‘oya bosqichida bo‘lgan.

Asoschilarning deyarli yarmi 24 yoshdan kichik bo‘lib, ularning 92 foizini erkaklar tashkil etadi.

Ularning eng katta qismi, aniqrog‘i 45 foizi, startap sohasiga IT va dasturiy ta’minot ishlab chiqish sohasidan kelgan.

Tadqiqot natijalari 46 foiz asoschining sherigi yo‘qligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, 59 foizi o‘zining birinchi startapini yaratmoqda.

Startapni moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi savolga ishtirokchilarning katta qismi loyihani o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirganini bildirgan.

Jumladan, g‘oya bosqichidagi startap asoschilarining 92 foizi va MVP bosqichidagi startaplarning 93 foizi shunday javob bergan.

Shuningdek, dastlabki sotuvga chiqqan startap asoschilarining 85 foizi, o‘sish bosqichidagi startap asoschilarining esa 74 foizi shu javobni tanlagan.

Keyingi o‘rinni oila a’zolari va yaqinlaridan moliyaviy yordam olganlar egallagan.

Biznes farishtalar hamda venchur fondlarga esa asosan dastlabki sotuv va o‘sish bosqichida murojaat qilinmoqda.

Xususan, dastlabki sotuvga chiqqan startap asoschilarining 22 foizi, o‘sish bosqichida bo‘lganlarning esa 15 foizi biznes farishtalardan mablag‘ jalb qilgan.

Venchur fondlardan esa dastlabki sotuvdagi startaplarning 11 foizi, o‘sish bosqichidagi startaplarning esa 35 foizi mablag‘ jalb qilganini bildirgan.

Hatto o‘sish bosqichidagi startap asoschilarining 9 foizi va dastlabki sotuvdagilarning 6 foizi mablag‘ni bank krediti orqali jalb qilganini ham qayd etgan.

So‘rovnomaning keyingi savolida ishtirok etgan asoschilardan startapning o‘sishiga eng ko‘p nima to‘sqinlik qilayotgani so‘ralgan.

Bu savolga ishtirokchilarning katta qismi moliyalashtirish yetishmasligini bildirgan.

Undan keyingi eng katta muammo sifatida esa kuchli jamoa yetishmasligi aytilgan. Shuningdek, hamkorlar va aloqalar yetishmasligi ham qayd etilgan.

E’tiborli jihati, dastlabki sotuvga chiqqan ishtirokchilarning 22 foizi investorlar bilan aloqa qilish imkoniyatining cheklanganligini bildirgan.

Bundan tashqari, g‘oya (32%), MVP (23%) hamda o‘sish (15%) bosqichidagilar ham buni ta’kidlagan.

Ishtirokchilardan startapni rivojlantirishning qaysi bosqichi eng qiyin ekani so‘ralganda, aksariyati moliyalashtirishni jalb qilish, deb javob bergan.

Undan keyingi eng katta qiyinchilik sifatida yuridik va tartibga solish masalalari qayd etilgan.

#tadqiqot#stanbase

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan