Zolotaya Korona muassisi O‘zbekistondagi ParaPay to‘lov tashkilotini sotib oldi

28.07.2026 15:19
O'zbekchaРусский
Rossiyaning Servis aksiyadorlik jamiyati (Zolotaya Korona muassisi) O‘zbekistondagi ParaPay to‘lov tashkiloti aksiyalarining 100 foizini sotib oldi. Mazkur bitim Yevropa Ittifoqi Zolotaya Korona operatoriga aloqador tashkilotni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan kuni amalga oshirilgan.
Zolotaya Korona muassisi O‘zbekistondagi ParaPay to‘lov tashkilotini sotib oldi

Foto: Zolotaya Korona

Rossiyaning Servis aksiyadorlik jamiyati O‘zbekistondagi ParaPay to‘lov tashkiloti aksiyalarining 100 foizini sotib oldi.

Korporativ axborot yagona portalida joylashtirilgan ma’lumotga ko‘ra, bu bo‘yicha tegishli bitim 23-iyul kuni tuzilgan. Bitim qiymati esa oshkor etilmagan.

Bungacha kompaniya to‘rt nafar mahalliy mulkdorga tegishli bo‘lgan.

Bular — Ibrohim Fatxullayev (54,33%), Izzatulla Fatxullayev (23,5%), Dilmurod Fatxullayev (17,06%) va Ziyovuddin To‘laganov (5,1%).

Ma’lumot uchun, ParaPay 2022-yilda ro‘yxatdan o‘tgan. 2023-yilning aprel oyida esa Markaziy bankdan to‘lov tashkiloti faoliyatini yuritish uchun litsenziya olgan.

Hozirda uning ustav kapitali 20,4 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Manba: stat.uz

O‘zbekiston fintex bozoriga kirib kelayotgan Servis aksiyadorlik jamiyati Zolotaya Korona xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi bilan bog‘liq kompaniyadir.

Servis AJ ushbu tizim operatori bo‘lgan “Platyojniy Sentr” nobank kredit tashkilotining 100 foiz ta’sischisi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 23-iyul kuni Yevropa Ittifoqi “Platyojniy Sentr” tashkilotiga nisbatan sanksiya joriy etgan edi. Qizig‘i, ayni shu kuni ParaPay kompaniyasi Servis AJ nazoratiga o‘tgan.

Yana bir jihat, ParaPay to‘lov tashkilotining sobiq mulkdorlari o‘z aksiyalarini to‘liq sotganiga qaramay, bitimdan keyin ham ularning barchasi Kuzatuv kengashi a’zolari sifatida ko‘rsatilgan.

Kompaniya direktori Obidjon Azimboyev ham o‘z lavozimini saqlab qolgan.

#parapay#zolotaya_korona

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan