Markaziy bank 29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi.
Nazorat organiga ko‘ra, bu qaror inflyatsiyani maqsadli 5 foizlik darajaga tushirish va inflyatsion kutilmalarni jilovlash zarurati bilan bog‘liq.
Ma’lumot uchun, so‘nggi oylarda inflyatsiyaning pasayish sur’ati sekinlashgan. Ayrim taklif omillari va tashqi iqtisodiy sharoitlar ta’sirida narxlarga bosimlar saqlanib qolmoqda.
Shuningdek, ichki talabning yuqori sur’atlarda o‘sishi davom etmoqda.
Regulyator bahosiga ko‘ra, yuqori ichki talab, energiya tariflari o‘zgarishining ikkilamchi ta’sirlari hamda tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar sharoitida qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish zarur.
Iyun oyida yillik inflyatsiya 6,4 foizni tashkil etdi. Uning tezlashishi asosan tartibga solinadigan energiya tariflarining oshishi va ko‘mir narxlarining erkinlashtirilishi bilan izohlanadi.
Shuningdek, bazaviy inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etib, so‘nggi oylarda deyarli o‘zgarishsiz shakllangan.
Markaziy bank ikkinchi yarim yillikda tartibga solinadigan narxlar oshishining ikkilamchi ta’siri inflyatsiyaning barqaror tarkibiy qismlarida namoyon bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Regulyator prognoziga ko‘ra, 2026-yil yakunida umumiy inflyatsiya 6,5 foiz darajasida bo‘ladi.
Iqtisodiy o‘sish esa 7,5–8 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Markaziy bank iqtisodiyotdagi yuqori faollik saqlanib qolayotganini ham qayd etgan.
Xususan, 2026-yilning birinchi yarim yilligida yalpi ichki mahsulot real hisobda 8,5 foizga o‘sgan.
Regulyatorning ta’kidlashicha, joriy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotdagi inflyatsion bosimlarni cheklash hamda tarif o‘zgarishlarining ikkilamchi ta’sirlarini jilovlash uchun yetarlicha qat’iydir.
Markaziy bankning asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 2026-yil 16-sentyabr kuniga belgilangan.
.jpg)