Qirg‘iziston va Tojikistonda Apple Pay ishga tushdi

29.07.2026 07:26
O'zbekchaРусский
Qirg‘iziston va Tojikistonda Apple Pay xizmati ishga tushirildi. Endi ushbu ikki mamlakat aholisi Apple qurilmalari orqali kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega. Tojikistonda xizmat mamlakatdagi Humo Bank hamda Alif tomonidan taqdim etilgan.
Qirg‘iziston va Tojikistonda Apple Pay ishga tushdi

Foto: FinTech & Retail

Qirg‘iziston va Tojikistonda Apple Pay xizmati ishga tushirildi. Endi ushbu ikki mamlakat aholisi Apple qurilmalari orqali kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega.

Tojikistonda xizmat Humo Bank hamda Alif tomonidan taqdim etilgan. Qirg‘izistonda esa mazkur xizmatning ishga tushirilgani haqida mamlakat Markaziy banki ma’lum qildi.

Regulyatorning bildirishicha, Apple Pay orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar zamonaviy xavfsizlik texnologiyalari yordamida himoyalanadi.

Xizmatda bank kartasining haqiqiy ma’lumotlari o‘rniga maxsus raqamli kod — token ishlatiladi. Shu sababli foydalanuvchining karta ma’lumotlari savdo nuqtalariga uzatilmaydi.

To‘lovlar esa Face ID yoki Touch ID orqali tasdiqlanadi. Ta’kidlanishicha, bu karta ma’lumotlarini himoya qilish va firibgarlik xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Qirg‘izistonda mazkur xizmatning ishga tushishi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishdagi muhim bosqich sifatida baholanmoqda.

O‘zbekistonda qachon ishga tushadi?

Hozirda O‘zbekiston hamda Turkmaniston Markaziy Osiyoda Apple Pay xizmati ishga tushmagan mamlakatlar bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay hozircha ishga tushirilish arafasida turibdi. Markaziy bank har ikki xizmatni joriy etish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotganini ma’lum qilgan.

Vaziyat bilan tanish manbaning Spot nashriga aniqlik kiritishicha, sentyabr oyida ularning operatorlari bilan muhokama va muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan, biroq bu muddatlarda servislar ishga tushishi kutilmayapti.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning mart oyida shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilgan edi. Bu orqali mamlakatda Apple Pay va Google Pay paydo bo‘lishi uchun huquqiy asos yaratilgan.

#Tojikiston#Qirg‘iziston#apple_pay

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan