O‘zbektelekom aksiyadorlik kompaniyasi 2026-yilning birinchi yarmida 896 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi. Bu haqda kompaniyaning moliyaviy hisobotida ma’lumot berilgan.
Taqqoslash uchun, kompaniya o‘tgan yilning mos davrini 10 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlagandi.
Joriy yarim yillikda kompaniyaning daromadi 643 mlrd so‘mga oshib, 5 trln 767 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Daromadning 3 trln 312 mlrd so‘mi tannarx hissasiga to‘g‘ri keldi (o‘tgan yilning mos davridan 120 mlrd so‘mga ko‘p).

Infografika: tanga.uz
Mazkur davrda kompaniyaning xarajatlari ham o‘z navbatida oshgan. Jumladan, sotish xarajatlari 97 mlrd so‘mga ko‘payib, 503 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, ma’muriy xarajatlari 46 mlrd so‘mga ko‘tarilib, 381 mlrd so‘mga yetgan.
Yarim yillik uchun jami operatsion xarajatlar esa 1 trln 210 mlrd so‘mga teng bo‘lgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 162 mlrd so‘mga yoki 16 foizga ko‘pdir.
O‘zbektelekom kompaniyasi joriy yarim yillik uchun 138 mlrd so‘m soliq to‘ladi (o‘tgan yilning mos davridagidan 11 baravar ko‘p).
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbektelekom sof foydasining bunday keskin oshishiga asosiy faoliyatdan tashqari faoliyat natijalarining yaxshilanishi ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
O‘tgan yilning birinchi yarmida kompaniya valyuta kursi farqidan 801 mlrd so‘m zarar ko‘rgan bo‘lsa, joriy yarim yillikda bu zarar ikki barobardan ko‘proqqa kamayib, 380 mlrd so‘mni tashkil etgan.
.jpg)