Click yarim yilda 150 mlrd so‘m sof foyda oldi — 3 foiz pasayish

03.08.2026 13:53
O'zbekchaРусский
Click to‘lov tashkiloti 2026-yilning birinchi yarmini 150 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunladi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 foizga kamdir. Foydaning kamayishiga IT Park imtiyozlarining tugashi hamda kompaniyaning operatsion xarajatlari keskin oshgani salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Click yarim yilda 150 mlrd so‘m sof foyda oldi — 3 foiz pasayish

Foto: Click

Click aksiyadorlik jamiyati 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotini e’lon qildi.

Hisobotga ko‘ra, kompaniya ushbu davrda 438 mlrd so‘m daromad olgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 84 mlrd so‘mga yoki 24 foizga ko‘pdir.

Kompaniya daromadi oshganiga qaramay, uning sof foydasi 3 foizga kamayib, 150 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Infografika: tanga.uz

Foydaning kamayishi boshqa operatsion xarajatlar hamda foyda solig‘i bo‘yicha to‘lovlarning keskin ortgani bilan izohlanadi.

Joriy yarim yillikda Click to‘lov tashkilotining boshqa operatsion xarajatlari 3,5 baravarga oshib, 135 mlrd so‘mga yetgan.

Shuningdek, kompaniya hisobot davrida 13 mlrd so‘m foyda solig‘i to‘lagan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida 586 mln so‘m foyda solig‘i to‘lagan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-apreldan boshlab Click kabi to‘lov tashkilotlari uchun IT Park rezidentligi doirasidagi soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilindi.

Shu sababli kompaniyaning ushbu davrdagi foyda solig‘i bo‘yicha to‘lovlari 23 baravarga oshgan.

Click 2026-yilning birinchi yarmida sotish hamda ma’muriy xarajatlarini kamaytirgan.

Jumladan, sotish xarajatlari 17 mlrd so‘mga (-17%) kamayib, 87 mlrd so‘mga teng bo‘lgan. Ma’muriy xarajatlar esa 5 mlrd so‘mga (-14%) qisqarib, 33 mlrd so‘mni tashkil etgan.

#click#sof_foyda

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan