O‘zbekiston respublika valyuta birjasida kunlik savdo sessiyasi davomiyligi 2 soatga uzaytirilmoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
2026-yil 10-avgustdan boshlab birjada savdolar har bir bank ish kunlarida soat 10:00 dan 17:00 gacha davom etadi.
Nazorat organining qayd etishicha, savdo sessiyasining uzaytirilishi banklarga kun davomida valyuta likvidligini yanada samarali boshqarish imkonini beradi.
Shuningdek, bu mijozlarning to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirishga hamda xorijiy valyutadagi to‘lovlarning uzluksizligini ta’minlashga yordam berishi qayd etilgan.
Birja savdolari vaqti uzaytirilayotgani munosabati bilan 74 ta xorijiy valyutaning so‘mga nisbatan rasmiy kurslari soat 17:30 da Markaziy bankning rasmiy saytida e’lon qilinishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, hozirda valyuta birjasidagi savdo sessiyalari soat 15:00 gacha davom etadi, Markaziy bankning rasmiy valyuta kursi esa soat 16:00 atrofida e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan ayirboshlash kursi Markaziy bank tomonidan belgilanmaydi. U valyuta birjasi va birjadan tashqari banklararo valyuta bozoridagi talab va taklif asosida amalga oshirilgan bitimlar natijasida shakllanadi.
