Asia Alliance Bank 20 mln dollarlik valyuta obligatsiyalarini chiqaradi

11.08.2026 13:08
O'zbekchaРусский
Asia Alliance Bank 20 mln dollarlik valyuta obligatsiyalarini chiqarishga qaror qildi. Bunda har bir obligatsiyaning nominal qiymati 100 dollarni, muomala muddati esa uch yilni tashkil etadi. Obligatsiyalarning kupon stavkasi 7 foiz etib belgilangan.
Asia Alliance Bank 20 mln dollarlik valyuta obligatsiyalarini chiqaradi

Foto: Yandex Maps

10-avgust kuni Asia Alliance Bank kuzatuv kengashi yig‘ilishida 20 mln dollar miqdorida valyuta obligatsiyalarini chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Korporativ axborot yagona portaliga joylangan axborotga ko‘ra, bank buning uchun har birining nominal qiymati 100 dollar bo‘lgan 200 ming dona obligatsiyani muomalaga chiqaradi.

Mazkur obligatsiyalar ochiq obuna orqali joylashtiriladi. Sodda qilib aytganda, ularni barcha investorlar sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Obligatsiyalarning yillik kupon stavkasi 7 foiz etib belgilangan. Ma’lumot o‘rnida, Asia Alliance Bankning “Farovon” nomli valyuta omonatining yillik stavkasi ham 7 foizni tashkil etadi.

Obligatsiyalarning muomalada bo‘lish muddati 3 yilni tashkil etadi. Hisoblangan foizlar har chorakda to‘lab boriladi.

Joylashtirishning boshlanish sanasi emissiya davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi xabar e’lon qilinganidan keyin 15 kalendar kun o‘tgach belgilanishi rejalashtirilgan.

Obligatsiyalar bo‘yicha alohida ta’minot ko‘zda tutilmagan. Ular yuzasidan barcha hisob-kitoblar AQSH dollarida amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 21-iyul kuni Asia Alliance Bank kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan edi.

Mazkur rejim doirasida bank xorijiy valyutada obligatsiyalarni chiqarish, joylashtirish, ularning muomalada bo‘lishi va qoplanishini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

#asia_alliance_bank#valyuta_obligatsiya

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan