Markaziy bank kredit reklamalari va shartnomalariga yangi talablar kiritmoqchi. Bu bo‘yicha tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, banklar kredit reklamasida qarz o‘z vaqtida to‘lanmasligi moliyaviy xatarlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirishi shart bo‘ladi.
Bunday ogohlantirish reklamaning asosiy maydoni va vaqtining kamida 10 foizini egallashi lozim.
Kredit shartnomalarida ham alohida ogohlantirish bo‘ladi. U shartnomaning dastlabki qismida, asosiy yuzaning kamida 30 foizini egallagan holda joylashtirilishi kerak.
Unda kreditni o‘z vaqtida to‘lamaslik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ko‘rsatiladi.
Jumladan, qarz miqdorining oshishi, qarzni majburiy undirish choralari qo‘llanilishi, mol-mulkka undiruv qaratilishi va bank hisobvaraqlaridagi mablag‘lar xatlanishi mumkin.
Shuningdek, qarzdorlik o‘z vaqtida to‘lanmasligi kredit tarixiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va kelajakda kredit olish imkoniyatini cheklashi mumkinligi haqida ham ogohlantiriladi.
Ogohlantirishni grafik, infografika yoki boshqa ko‘rgazmali shakllarda ham taqdim etish mumkin. Bunda uning mazmuni to‘liq saqlanishi va belgilangan hajmdan kichik bo‘lmasligi kerak.
Loyihada banklarning chalg‘ituvchi kredit mahsulotlariga ham e’tibor qaratilgan.
Unga ko‘ra, agar bank taklif etayotgan kredit mahsuloti iste’molchini chalg‘ituvchi deb topilsa, bankka nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.
Loyiha hozirda jamoatchilik muhokamasida turibdi. Takliflar 21-avgustgacha qabul qilinadi.
