Rasuljon Gulyamov Uzum Nasiya savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi Solution Lab aksiyadorlik jamiyatining bosh direktori etib saylandi.
Tegishli qaror kompaniya aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida qabul qilingan.
12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda kompaniyaning kelgusi faoliyati bilan bog‘liq yana bir qator qarorlar qabul qilingan.
Korporativ axborot yagona portalida joylangan axborotga ko‘ra, kompaniyaning amaldagi bosh direktori Yegor Abramets o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etilgan.
Rasuljon Gulyamov bosh direktor sifatidagi faoliyatini 14-avgustdan boshlashi belgilangan. U bilan uch yil muddatga mehnat shartnomasi tuzilgan.
Shuningdek, aksiyadorlar qarori bilan kompaniyada kuzatuv kengashi tugatildi. Amaldagi kengash a’zolarining vakolatlari muddati joriy yilning 13-avgustida yakunlangan.
Ma’lumot uchun, Solution Lab aksiyadorlik jamiyati to‘lov tashkiloti faoliyatini yuritish litsenziyasiga ega. Tegishli litsenziya kompaniyaga Markaziy bank tomonidan 2022-yilning yanvar oyida berilgan.
Kompaniyaning salbiy moliyaviy natijasi
Solution Lab aksiyadorlik jamiyati 2026-yilning birinchi yarmini salbiy moliyaviy natija bilan yakunladi.
E’lon qilingan hisobotga ko‘ra, kompaniya ushbu davrni 267 mlrd so‘m zarar bilan tugatgan. Taqqoslash uchun, kompaniya o‘tgan yilning shu davrida 312 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgandi.
Kompaniyaning yarim yillikdagi salbiy natijasi uning sof tushumi o‘tgan yilning mos davridagi 1 trln 948 mlrd so‘mlik ko‘rsatkichdan 392 mlrd so‘mga tushib ketgani bilan izohlanadi.
Rasuljon Gulyamov haqida
Bankers.uz ma’lumotlariga ko‘ra, Rasuljon Toxirovich Gulyamov 1970-yil 29-mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy.
1995-yilda Toshkent davlat universitetining “Xalqaro iqtisodiy aloqalar” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatini, 2000-yilda esa Ekseter universitetining (University of Exeter) magistraturasini tamomlagan.
1993–1997-yillarda O‘zbekiston Markaziy bankida, 1997–2005-yillarda ABN Amro Bank Uzbekistan tizimida faoliyat yuritgan.
2005-yildan mehnat faoliyatini Rossiyadagi yagona o‘zbek banki – Aziya-Invest bank’da davom ettirgan. 2013-yil 23-maydan 2017-yil 19-iyulgacha Aziya-Invest bank boshqaruv raisi sifatida faoliyat olib borgan.
2021-yil 23-iyundan boshlab Kapitalbank Kuzatuv kengashi a’zoligiga saylangan. Keyinchalik, 2022-yil iyun oyi yakunida mazkur bankning boshqaruv raisi etib tayinlangan.
2023-yil sentyabr oyiga kelib esa faoliyatini Uzum ekotizimida davom ettirgan.
Shu yilning sentyabr oyida Uzum Bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Uning mazkur lavozimdan qachon ozod qilingani ma’lum emas. Hozirda u Uzum Bank kuzatuv kengashi raisi ham hisoblanadi.
.jpg)