Paynet to‘lov tashkiloti o‘zining sho‘ba korxonasi FurtherIT MChJ orqali GoInvest kompaniyasining nazorat paketini sotib olmoqda.
Bu haqda Temurmalik Elmurodov o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Elmurodov bitim qiymati oshkor etilmaganini, biroq bu juda katta summa bo‘lishi mumkinligini, sababi GoInvest O‘zbekiston bozori uchun noyob aktiv ekanini ta’kidlagan.
GoInvest kompaniyasi mahalliy birjada aksiya savdolarini o‘tkazadigan xuddi shu nomdagi platformaga egalik qiladi.
Platforma Kapital Depozit (KAP DEPO) brokerlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan.
2026-yil 2-yanvar holatiga ko‘ra, GoInvest kompaniyasining aksiyadorlari tarkibi quyidagicha bo‘lgan:
- Kapital-Depozit MChJ — 70 foiz
- Bahrom Abduqodirov — 20 foiz
- Jasurbek O‘rolboyev — 10 foiz
O‘zgarishdan keyin aksiyadorlar soni ikkitaga ko‘payib, FurtherIT korxonasi asosiy aksiyadorga aylangan.
- FurtherIT MChJ — 33,14 foiz
- Kapital-Depozit MChJ — 29 foiz
- Farrux Xodjayev — 21,145 foiz
- Baxrom Abdukadirov — 10,029 foiz
- Jasurbek O‘rolboyev — 6,686 foiz
Yangi aksiyadorlar tarkibiga Kapital Depozit ta’sischisi va ayni vaqtdagi asosiy aksiyadori Farrux Xodjayev hamda FurtherIT kirgan.
Kompaniya vakillarining bildirishicha, reyestrdagi bu holatdan keyin ulushlar tarkibida yana o‘zgarish bo‘lgan. Bitim yakunlangach, FurtherIT ulushi 50 foizdan oshishi kutilmoqda.
Shuningdek, o‘zgarishdan so‘ng kompaniya rahbari ham o‘zgargan. O‘zgarishgacha kompaniya rahbari sifatida Muzaffar Roziqov ko‘rsatilgan bo‘lsa, o‘zgarishdan keyin Firdavs Xodjayev qayd etilgan.
Tomonlar haqida
FurtherIT MChJ 2023-yilning 25-oktyabrida Paynet to‘lov tashkiloti tomonidan tashkil etilgan.
MChJ kompyuter dasturlashtirish sohasidagi faoliyat bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, o‘sha yilning dekabr oyidan buyon IT Park rezidenti sanaladi.

Manba: stat.uz
Uning yuridik manzili Paynet kompaniyasining yuridik manzili bilan bir xil — Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi, 536-uyda joylashgan.
GoInvest platformasi esa 2024-yilning may oyida O‘zbekistondagi eng yirik brokerlik kompaniyalaridan biri Kapital Depozit tomonidan tashkil etilgan.
Uning yuridik manzili ham Kapital Depozit brokerlik kompaniyasining yuridik manzili bilan bir manzilda — Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Oqqo‘rg‘on ko‘chasi, 25-uyda joylashgan. Ustav kapitali 14 mlrd 228 mln so‘mni tashkil etadi.
GoInvest O‘zbekiston fond bozoridagi aksiyalar va obligatsiyalar bilan savdo qilishga mo‘ljallangan investitsiya ilovasidir.
Unda brokerlik hisobvarag‘ini masofadan ochish, hisobni to‘ldirish, investitsiya portfelini kuzatish hamda qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va sotish mumkin.
Ilovaning o‘zi broker vazifasini bajarmaydi. Undagi investitsiya vositachiligi xizmatlari tegishli litsenziyalarga ega Kapital Depozit orqali ko‘rsatiladi.
Aynan litsenziya tufayli Temurmalik Elmurodov kompaniyada Kapital Depozit ulushi saqlanib qolishini bildirgan.
So‘nggi yillarda Paynet kompaniyasi o‘z mobil ilovasidagi investitsiya imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
2025-yilda ilovada bitkoin hamda oltin sotib olish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgandi. Endilikda bu ro‘yxatga aksiyalar va obligatsiyalar ham qo‘shilishi mumkin.
Biroq GoInvest platformasining Paynet ilovasiga integratsiya qilinishi borasida hozircha biror rasmiy xabar yo‘q. Bitim tafsilotlari kompaniyalar tomonidan e’lon qilingach, bu ma’lum bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning yanvar oyida Paynet kompaniyasi HUMO to‘lov tizimini 65 mln dollarga sotib olgandi. Shu tariqa HUMO to‘lov tizimi davlat tasarrufidan xususiy kompaniya qo‘liga o‘tgandi.
