Bugun, 18-avgust kuni Xorazmda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tadbirkorlar kuni munosabati bilan yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda tadbirkorlarning yer sotib olish va qurilishni boshlash bilan bog‘liq jarayonlarini soddalashtirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, banklar balansidagi 9 trln so‘mlik 2,5 mingta mulkni chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi. Uni sotib olgan tadbirkor bir yil davomida yer va mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
Shuningdek, davlat aktivini sotib olishda dastlabki to‘lov miqdori 30 foizdan 15 foizga tushirilishi, olti oy ichida to‘liq to‘lovni amalga oshirganlarga esa 25 foizlik chegirma berilishi ma’lum qilindi.
Uch oy davomida sotilmagan davlat mulkining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha pasaytiriladi. Auksion o‘tkazish muddati ham ikki baravarga qisqartiriladi. Auksionda yer sotib olgan tadbirkorning qurilishni boshlash uchun 6 oydan 1 yilgacha hujjat yig‘ib yurishiga chek qo‘yiladi. Endi hokimlar yerni qurilishga ruxsatnoma, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bilan birga “tayyor paket” shaklida savdoga chiqaradi — deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.
Shu bilan birga, bunday yerni xarid qilgan tadbirkor qurilishni darhol boshlashi mumkinligi ta’kidlandi. Infratuzilma yig‘imi bo‘yicha dastlabki to‘lov miqdorining ham 20 foizdan 5 foizga tushirilishi qayd etildi.
