8-avgust kuni Xorazmda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tadbirkorlar kuni munosabati bilan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda turizm sohasini rivojlantirish hamda sohadagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlat rahbari turizm islohotlari aholi daromadida yanada ko‘proq sezilishi kerakligini ta’kidlab, soha tadbirkorlariga bir qator imtiyoz va yengilliklar berilishini e’lon qildi.
Jumladan, mehmonxona qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 50 mln dollar resurs ajratiladi. Tadbirkorlarga 10 yil muddatga milliy valyutada 16 foizli kredit beriladi.
Mehmonxonalar uchun yer va mulk solig‘ini 10 barobar kam stavkada to‘lash imtiyozi 2030-yilgacha uzaytiriladi.
50 tadan ko‘p o‘ringa ega mehmonxonalarga naqd valyuta qabul qiladigan bankomatlarni banklarning o‘zi o‘rnatib beradi.
Turoperatorlarning xorijlik sayyohlarga ko‘rsatgan xizmati eksportga tenglashtirilib, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.
Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxona qurish uchun subsidiya berish muddati yana ikki yilga uzaytiriladi. Subsidiya uchun mehmonxona “yulduzi”ni tasdiqlashda xorijiy kompaniya xulosasini talab qilish amaliyoti bekor qilinadi — deyiladi Prezident matbuot xabarida.
Shuningdek, turistik avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar olib kelishdagi bojxona imtiyozi yana bir yilga uzaytirilishi ma’lum qilindi. Bunday transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imi ham undirilmasligi belgilandi.
