IT Park rezidentlari yarim yilda 392 mln dollarlik eksportni amalga oshirdi

19.08.2026 17:16
O'zbekchaРусский
2026-yilning birinchi yarmida IT Park rezidentlarining xizmatlar eksporti 392 mln dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 90 mln dollarga yoki 30 foizga ko‘pdir. Mazkur eksportning 303 mln dollari yoki 77 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.
IT Park rezidentlari yarim yilda 392 mln dollarlik eksportni amalga oshirdi

Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta.uz

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida IT Park rezidentlarining xizmatlar eksporti 392 mln dollarni tashkil etgan.

Bu o‘tgan yilning mos davridagi 302 mln dollarlik ko‘rsatkichdan 90 mln dollarga yoki 30 foizga ko‘pdir.

Mazkur davrda rezidentlar tomonidan jami 18,2 trln so‘mlik bozor xizmatlari ko‘rsatilgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 14,1 trln so‘mga teng bo‘lgandi.

Shuningdek, barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan IT Park rezidentlarining asosiy kapitaliga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 647 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 352 mlrd so‘mga oshgan.

Rezidentlar eksporti

So‘nggi yillarda IT Park rezidentlarining eksporti sezilarli darajada o‘sdi. 2022-yilda rezidentlar 276 mln dollarlik eksportni amalga oshirgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 2,6 barobardan ko‘proqqa oshib, 728 mln dollarni tashkil etgan.

Infografika: tanga.uz

2025-yilda amalga oshirilgan eksport ko‘rsatkichi 2024-yilga nisbatan 60 foizga o‘sib, eng yuqori o‘sish sur’ati qayd etilgan.

2026-yilning birinchi yarim yilligida esa rezidentlar tomonidan 392 mln dollarlik eksport amalga oshirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30 foizlik o‘sish kuzatilgan.

Mazkur eksportning 303 mln dollari yoki 77 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Barcha summalar AQSh dollarida / Infografika: tanga.uz

Poytaxtdan keyingi o‘rinlarni mos ravishda Toshkent (19,6 mln dollar), Samarqand (19,2 mln dollar) hamda Andijon (15,8 mln dollar) viloyatlari egallagan.

Birinchi yarim yillikda rezidentlar tomonidan amalga oshirilgan eksportning 91 foizi yuqorida sanab o‘tilgan to‘rtta hudud hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Beshinchi o‘rinda qayd etilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ushbu davrda rezidentlar eksporti 9,5 mln dollarni tashkil etgan.

Solishtirish uchun, hududda 2025-yilda rezidentlar eksporti 7 mln dollarni, 2024-yilda esa 1 mln dollarni tashkil etgandi.

Eksport hajmining sezilarli oshishi hududda IT va raqamli xizmatlar yo‘nalishi kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

2026-yil aprel oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasida Bes Qala Mining Valley maxsus mayning zonasi tashkil etilgandi.

Mazkur zona hududga investitsiyalarni jalb qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va mayning faoliyati uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.

Zona rezidentlariga mayning faoliyati uchun yagona elektr energetika tizimi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda vodorod elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanish imkoniyati berilgan.

Shuningdek, 2035-yil 1-yanvargacha zona rezidentlarining mayning faoliyati bilan bog‘liq operatsiyalardan olgan daromadlari soliqlar va yig‘imlardan ozod qilingan.

#it_park_rezidentlari#eksport

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan