Turizm sohasidagi startaplar uchun 1 mlrd so‘mgacha subsidiya ajratiladi

20.08.2026 10:01
O'zbekchaРусский
Har yili turizm sohasidagi eng yaxshi 10 tagacha startap loyihasiga ularni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda davlat tomonidan subsidiya ajratiladi.
Turizm sohasidagi startaplar uchun 1 mlrd so‘mgacha subsidiya ajratiladi

Foto: stat.uz

Turizm sohasida yangi xizmatlarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etayotgan startaplar uchun davlat subsidiyasi ajratiladi. Bu bo‘yicha hukumat qarori bilan ma’muriy reglament tasdiqlandi.

Reglamentga ko‘ra, startapni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi qoplab beriladi.

Biroq bunda subsidiya miqdori 1 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda, har yili eng yaxshi 10 tagacha startap loyihasiga beriladi.

Subsidiyani olish uchun talabgorlar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ariza topshirishi mumkin.

Arizalarni Turizm qo‘mitasi ko‘rib chiqadi. Loyihalarni baholash uchun Turizm qo‘mitasi raisi tomonidan maxsus komissiya tuziladi.

Ariza kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida talabgorga suhbat o‘tkazilishi haqida xabarnoma yuboriladi.

Suhbatdan so‘ng komissiya 10 ish kuni davomida talabgor va uning startap loyihasining reglamentda belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganadi.

Bunda startapning muayyan turistik xizmatni rivojlantirishga qaratilgani, turistlar uchun dolzarbligi hamda ilgari mavjud bo‘lmagan yoki sezilarli darajada takomillashtirilgan yechimni taklif qilishi asosiy mezonlar sifatida baholanadi.

Xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan keyin Turizm qo‘mitasi 7 ish kuni ichida mablag‘larni talabgorning tijorat banklaridagi hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.

#startap#turizm

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan