Mom’s Touch fastfud tarmog‘ining O‘zbekistondagi birinchi filiali qayerda ochilishi ma’lum bo‘ldi

20.08.2026 18:00
O'zbekchaРусский
Janubiy Koreyaning Mom’s Touch fastfud tarmog‘ining O‘zbekistondagi birinchi filiali Toshkent shahridagi Chilonzor savdo markazi hududida ochilishi ma’lum bo‘ldi. Biroq restoranning aniq qaysi sanada ochilishi hozircha noma’lum.
Mom’s Touch fastfud tarmog‘ining O‘zbekistondagi birinchi filiali qayerda ochilishi ma’lum bo‘ldi

Foto: sgfoodlifestyle.com

Janubiy Koreyaning Mom’s Touch fastfud tarmog‘ining O‘zbekistondagi birinchi filiali qayerda ochilishi ma’lum bo‘ldi.

Temurmalik Elmurodovning yozishicha, tarmoqning ilk restorani Toshkent shahridagi Chilonzor savdo markazi hududida ishga tushiriladi. Biroq filialning aniq qaysi sanada ochilishi hozircha noma’lum.

Foto: Temurmalik Elmurodov

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 26-avgustda tadbirkor Zafar Xodjayev tarmoqni O‘zbekiston bozoriga olib kirish bo‘yicha Mom’s Touch bosh direktori Kim Dong Jeon bilan franchayzing shartnomasini imzolagandi.

Kim Dong Jeon (chapda) va Zafar Xodjayev / Foto: Mom’s Touch

Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistonda Mom’s Touch restoranlarini ochish huquqi One Food kompaniyasiga berilgan. Ushbu kompaniya Zafar Xodjayevning UHL logistika operatori tomonidan aynan shu loyiha uchun tashkil etilgan.

Mom’s Touch haqida

Mom’s Touch asosan tovuq go‘shtidan tayyorlangan taomlarga ixtisoslashgan. Shu bilan birga, kompaniya menyusida burger va pitsa kabi mahsulotlar ham bor.

Kompaniya Janubiy Koreyadagi tezkor ovqatlanish tarmoqlari orasida eng ko‘p restoranga ega bo‘lib, mamlakat bo‘ylab 1460 ta shoxobchani boshqaradi.

O‘zbekiston Mom’s Touch uchun Markaziy Osiyodagi birinchi bozor bo‘ladi. Kompaniya keyinchalik Qozog‘iston, Qirg‘iziston, shuningdek, Rossiya va Yaqin Sharq bozorlariga ham chiqishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistondagi restoranlar esa mahalliy iste’molchilarning didiga moslashtirilishi kutilmoqda.

Zafar Xodjayevning aytishicha, o‘zbekistonliklar koreyslarga qaraganda qovurilgan tovuqni kamroq iste’mol qiladi.

Shu sababli kompaniya nafaqat tovuqli mahsulotlarga, balki boshqa taomlarga ham e’tibor qaratadi.

#Mom’s_Touch#One_Food

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan