Davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasi raisi Anvar Muhitdinovning tanga.uz nashriga taqdim etgan ekspertlik materialida O‘zbekistondagi biznes subyektlarining katta qismi davlat xaridlari bozoriga hali to‘liq jalb qilinmaganini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, mamlakatda 646 mingta biznes subyekti faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 344 mingi davlat xaridlarining elektron tizimlarida ro‘yxatdan o‘tgan.
Amalda esa 126 mingta subyekt xaridlarda ishtirok etadi, xarid yakunlari bo‘yicha esa 36 mingta biznes shartnoma tuzmoqda. Ekspertning fikricha, bu davlat xaridlari bozorida foydalanilmayotgan katta salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.
Shu sababli Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi kelgusida kichik va o‘rta biznes hamda ayollar tadbirkorligini davlat xaridlariga kengroq jalb qilish, tadbirkorlarning elektron platformalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish va real yetkazib beruvchilar sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.

Foto: Uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirdan
Shuningdek, davlat buyurtmachilari tomonidan to‘lovlarni kechiktirish va tenderlarda asossiz talablar qo‘yish kabi muammolarga qarshi choralar ko‘rilishi, xarid qonunchiligiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi kutilmoqda.
Elektron platformalarda mahsulotlarni moderatsiya qilishni avtomatlashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun sertifikatlash talablarini soddalashtirish hamda yirik davlat buyurtmachilari va mahalliy korxonalar o‘rtasida uzoq muddatli kooperatsiyani rivojlantirish ham rejalardan o‘rin olgan.
Muhitdinovning ta’kidlashicha, bu choralar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning yirik davlat buyurtmalariga chiqish imkoniyatini kengaytirishi va ularning ishlab chiqarish hajmini oshirishiga xizmat qilishi mumkin.
Mahalliy biznesga berilgan imtiyozlar
Anvar Muhitdinovning ta’kidlashicha, Prezidentning 2026-yil 4-fevraldagi PF-17-son farmoni asosida davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator yangi mexanizmlar joriy etilgan.
Ulardan biri mahalliy kompaniyalarga beriladigan narx ustunligi hisoblanadi. Agar mahalliy ishlab chiqaruvchi davlat xaridida xorijiy yetkazib beruvchi bilan raqobatlashsa, unga avtomatik ravishda 8 foizdan 15 foizgacha narx preferensiyasi beriladi.
Bu mahalliy mahsulotning xarid jarayonidagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Shuningdek, ishlab chiqaruvchilarning barqarorlik reytingi ham davlat xaridlarida qo‘shimcha imkoniyat beradi.
Yuqori va o‘rta barqarorlik reytingiga ega ishlab chiqaruvchilar elektron savdo maydonchalaridagi vositachilik yig‘imidan 50 foiz chegirma oladi. Bundan tashqari, ular qo‘shimcha ta’minot kiritish majburiyatidan ozod qilinadi.
Yana bir yangi mexanizm — faqat mahalliy kompaniyalar ishtirok etadigan auksionlarni joriy etishdir. Bunda ayrim xaridlar bo‘yicha xorijiy yetkazib beruvchilar bilan raqobat qilmasdan, mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida savdo tashkil etish imkoniyati yaratiladi.
Mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasiga qarab ham qo‘shimcha imkoniyat berilgan. Xususan, mahalliylashtirish darajasi 30 foiz va undan yuqori bo‘lgan tovarlar uchun avans to‘lovlarini amalga oshirishga ruxsat berilgan.
Avans miqdori mahsulotning mahalliylashtirish darajasiga mutanosib ravishda belgilanadi.
Ekspertga ko‘ra, ushbu mexanizmlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish, ularning xorijiy yetkazib beruvchilar bilan raqobatlashish imkoniyatini oshirish va mahalliylashtirish jarayonini rag‘batlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Davlat xaridlari bozori
Ayni paytda davlat xaridlari bozori sezilarli hajmga ega. 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda davlat xaridlarining umumiy hajmi 188,4 trln so‘mni tashkil etgan.
Qariyb 113 trln so‘mlik xaridlar raqobatli tartibda amalga oshirilib, 7,8 trln so‘m mablag‘ tejalgan.
Muhitdinovga ko‘ra, keyingi bosqichda asosiy vazifa davlat xaridlari bozorini yanada ochish, unda kichik va o‘rta biznes ishtirokini oshirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan yirik davlat buyurtmachilari o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.
