O‘zbekneftgaz Ozarbayjonning SOCAR neft kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari ochishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekiston va Ozarbayjon IV hududlararo forumi doirasida bu bo‘yicha ikki mamlakat rasmiylari o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.

Foto: O‘zbekneftgaz
Bu haqda O‘zbekneftgaz matbuot xizmati xabar bermoqda. Mazkur bitim tomonlar o‘rtasida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikning asosiy tamoyillarini belgilab beradi.
Xususan, O‘zbekistonda zamonaviy avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish va baholash, shuningdek, istiqbolli joylashuv manzillari hamda obyektlarni aniqlash, loyihani amalga oshirishning maqbul biznes-modellari va amaliy mexanizmlarini birgalikda ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.
Ushbu hamkorlik O‘zbekneftgaz va SOCAR o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish hamda O‘zbekistonning yoqilg‘i infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni o‘rganishga xizmat qiladi — deyiladi O‘zbekneftgaz xabarida.
Xabarda bitimning boshqa birorta qo‘shimcha tafsiloti – yangi zapravkalar soni va qiymati, hamkorlarning ulushdorlik nisbati kabi ma’lumotlar keltirilmagan.
Ma’lumot uchun, SOCAR davlat kompaniyasi bo‘lib, uning 100 foizlik ulushi Ozarbayjon hukumatiga tegishlidir. U mamlakatning strategik davlat kompaniyalaridan biri va neft-gaz sohasidagi eng yirik kompaniya hisoblanadi.
Kompaniya neft va gazni qazib olishdan tortib, tashish, qayta ishlash, neft-kimyo va sotuvgacha bo‘lgan zanjirda faoliyat yuritadi.
Uning Ozarbayjondan tashqari Gruziya, Turkiya, Ukraina, Shveysariya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bo‘ylab 600 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalari mavjud.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning iyul oyida SOCAR kompaniyasi Qoraqalpog‘istonning Ustyurt mintaqasidagi neft va gaz zaxiralarini qidirib topish hamda qazib olish uchun 2 mlrd dollar sarmoya kiritishi ma’lum bo‘lgandi.
Taxminlarga ko‘ra, mazkur hududdagi neft zaxiralari 100 mln tonnaga, gaz zaxiralari esa 35 mlrd kub metrga yetishi mumkin. Ushbu zaxiralar O‘zbekistonning ichki ehtiyojlarini 25 yil davomida qondira olishi aytilmoqda.
