Istiqbolli loyihalar milliy agentligining tegishli qaroriga asosan, Kapital Sug‘urta aksiyadorlik jamiyatiga sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya 2026-yil 26-avgustdan boshlab 10 kun muddatga to‘xtatildi.
Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi. Kapital Sug‘urta litsenziyasining amal qilishi to‘xtatib turilgan davrda yangi sug‘urta shartnomalarini tuzish, shuningdek, amaldagi sug‘urta shartnomalarini uzaytirish taqiqlanadi.
Agentlik kompaniyaga ilgari tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni belgilangan tartibda bajarishi shartligini bildirdi.
Shuningdek, sug‘urta xizmatlari iste’molchilari litsenziyaning to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar sug‘urta shartnomalarini rasmiylashtirmaslik haqida ogohlantirildi.
Biroq agentlik xabarida kompaniya litsenziyasining 10 kunga to‘xtatilishiga aynan nima sabab bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumot berilmagan.
Bu Kapital Sug‘urta kompaniyasiga nisbatan qo‘llanilayotgan birinchi chora emas. 2024-yilning yanvar oyida ham agentlik kompaniyaning litsenziyasini 10 kunga to‘xtatib, 162 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llagan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 19-avgust kuni Kapital Sug‘urta kuzatuv kengashi qarori bilan Xumoyunxon Bo‘rixo‘jayev kompaniyaning bosh direktori lavozimidan ozod etildi. Uning so‘nggi ish kuni etib 28-avgust belgilangan edi.
Kompaniyaning egasi kim?
Kapital Sug‘urta aksiyadorlik jamiyatining bugungi kunda 50 dan ortiq aksiyadori mavjud.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ko‘ra, kompaniyaning asosiy aksiyadori Olimov Qahramonjon Anvarovich bo‘lib, u kompaniya aksiyalarining 87,7 foiziga egalik qiladi.

Foto: Qahramonjon Olimov / LinkedIn
Keyingi yirik aksiyadorlar sifatida “Farovon Sug‘urta” AJ (8,35%) hamda “Agro Invest Sug‘urta” AJ (3%) ko‘rsatilgan. Qolgan aksiyadorlarning ulushi 1 foizdan kamdir.
Ma’lumot uchun, Qahramonjon Olimov ANORBANK ta’sischisi va ayni paytda asosiy aksiyadori sanaladi.
