O‘zbekistonda mobil telefon raqam orqali bank hisobiga pul yuborish imkoniyati yaratiladi

26.08.2026 16:08
O'zbekchaРусский
O‘zbekistonda aholiga bank kartasi yoki hisobvaraq raqamini kiritmasdan, telefon raqami orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish imkoniyati yaratilmoqda. Bu bo‘yicha Markaziy bank tegishli qoidalarni ishlab chiqdi.
O‘zbekistonda mobil telefon raqam orqali bank hisobiga pul yuborish imkoniyati yaratiladi

Foto: tanga.uz

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar o‘rtasida telefon raqami orqali bank hisobvaraqlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 14-avgustdagi qarori bilan Tezkor to‘lovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar o‘rtasida mobil telefon raqami asosida pul o‘tkazmalarini amalga oshirish qoidalari tasdiqlandi.

Hujjat 24-avgust kuni Adliya vazirligida 3930-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, 2026-yil 26-noyabrdan kuchga kiradi.

Qarorga ko‘ra, foydalanuvchi o‘z mobil telefon raqamini bank hisobvarag‘iga bog‘laydi.

Shundan so‘ng, boshqa shaxs unga pul yuborishda bank karta raqami yoki hisobvaraq rekvizitlarini kiritishi shart bo‘lmaydi — oluvchining mobil telefon raqamini ko‘rsatishning o‘zi kifoya qiladi.

Bunda telefon raqami bank depozitorlarining milliy axborot bazasidagi (BDMAB) tegishli bank hisobvarag‘iga biriktiriladi.

Bitta mobil telefon raqamini faqat bitta bank hisobvarag‘iga bog‘lashga ruxsat etiladi. Pul o‘tkazish jarayonida to‘lovchi bank mobil ilovasiga oluvchining telefon raqamini kiritadi.

Tizim ushbu raqam asosida oluvchining ismi, sharifi, otasining ismi va hisobvarag‘i ochilgan bank haqidagi ma’lumotlarni aniqlaydi.

To‘lovchi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirgach, tegishli bankni tanlab, o‘tkazmani tasdiqlaydi. O‘tkazmalar bank mobil ilovasi orqali 24/7 rejimida amalga oshiriladi.

Bir bank doirasidagi o‘tkazmalarni esa Tezkor to‘lovlar tizimi orqali amalga oshirish shart emas.

Qoidalarda xavfsizlik masalalariga ham e’tibor qaratilgan. Xususan, banklar va to‘lov tashkilotlari axborot hamda kiberxavfsizlikni ta’minlashi, firibgarlik holatlarining oldini olish bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etishi lozim.

Shuningdek, o‘tkazma amalga oshirilishidan oldin to‘lovchiga pul summasi, oluvchining to‘liq ismi-sharifi, benefitsiar bank nomi va vositachilik haqi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi shart.

Yangi tartibning yana bir jihati shundaki, foydalanuvchi istalgan vaqtda mobil ilova orqali yoki bankka bevosita murojaat qilib, telefon raqamini o‘z hisobvarag‘iga bog‘lashni bekor qilishi mumkin.

#p2p#markaziy_bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan