O‘zbekiston temir yo‘llari aksiyadorlik jamiyati 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotini e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, ushbu davrda kompaniyaning sof tushumi 9 trln 618 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 7 trln 425 mlrd so‘mlik tushumdan 2 trln 194 mlrd so‘mga yoki qariyb 30 foizga ko‘p.
Tushumning bunday o‘sishini yo‘lovchi poyezdlarida chipta narxlarining oshirilishi bilan izohlash mumkin.
2026-yil 1-fevraldan Sharq, Nasaf va O‘zbekiston yo‘lovchi poyezdlari hamda Afrosiyob elektropoyezdlarining chipta narxlari 15 foizga oshirilgandi.
Biroq tushum bilan bir qatorda kompaniyaning mahsulot va xizmatlari tannarxi ham oshgan. Hisobot davrida tannarx 6 trln 701 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 974 mlrd so‘mga yoki 17 foizga ko‘paygan.
Shunga qaramay, tushumning tannarxdan tezroq o‘sishi kompaniyaning yalpi foydasini sezilarli oshirgan.
2026-yilning birinchi yarmida yalpi foyda 2 trln 917 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 1 trln 697 mlrd so‘mga nisbatan 1 trln 220 mlrd so‘mga yoki 72 foizga ko‘pdir.
Kompaniyaning davr xarajatlari ham kamaygan. Jumladan, ushbu xarajatlar 1 trln 66 mlrd so‘mni tashkil etib, bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 230 mlrd so‘mga yoki 18 foizga qisqargan.
Natijada kompaniyaning asosiy faoliyatdan olgan foydasi 2 trln 399 mlrd so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 1 trln 162 mlrd so‘mlik ko‘rsatkichdan 1 trln 236 mlrd so‘mga yoki 106 foizga ko‘pdir.
Biroq asosiy faoliyatdagi ijobiy natijaga qaramay, moliyaviy faoliyat kompaniyaning yakuniy foydasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Hisobot davrida O‘zbekiston temir yo‘llari moliyaviy faoliyatdan 659,6 mlrd so‘m daromad olgan bo‘lsa, ushbu faoliyat bilan bog‘liq xarajatlar 1 trln 749 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Natijada moliyaviy faoliyatdan 1 trln 90 mlrd so‘m zarar qayd etilgan. Moliyaviy faoliyatdagi zararning asosiy qismi valyuta kurslari o‘rtasidagi farq hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Kompaniya hisobot davrida valyuta kursi farqidan 525 mlrd so‘m daromad olgan, biroq shu bilan birga 1 trln 161 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.
Bundan tashqari, foiz xarajatlari 588 mlrd so‘mni tashkil etgan. Natijada moliyaviy faoliyatdan ko‘rilgan zarar asosiy faoliyatdan olingan 2 trln 399 mlrd so‘mlik foydani 1 trln 90 mlrd so‘mga kamaytirgan.
Yakunda O‘zbekiston temir yo‘llari aksiyadorlik jamiyatining sof foydasi 1 trln so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 659 mlrd so‘mlik sof foydadan 350 mlrd so‘mga yoki 53 foizga ko‘pdir.
