Dollar nega tushmoqda? Iqtisodchi asosiy sabablarni tushuntirdi

28.08.2026 08:38
O'zbekchaРусский
O‘zbekistonda dollar kursi pasayishda davom etmoqda. 26-avgust kuni rasmiy kurs 11 778,52 so‘mgacha tushib, so‘nggi uch yildagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev so‘mning mustahkamlanishiga sabab bo‘layotgan omillarni tahlil qildi.
Dollar nega tushmoqda? Iqtisodchi asosiy sabablarni tushuntirdi

Mirkomil Xolboyev. Foto: Dinor / YouTube

O‘zbekistonda uzoq yillar davomida so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi odatiy hol bo‘lib kelgan.

Shu sababli aholi va biznes moliyaviy rejalarini ham dollar kursining yil davomida qancha oshishiga qarab shakllantirib kelgan.

Biroq so‘nggi ikki yilda vaziyat o‘zgardi — so‘m nafaqat qadrsizlanishdan to‘xtadi, balki dollarga nisbatan mustahkamlana boshladi.

2026-yil 26-avgust kuni dollar kursi 11 778,52 so‘mgacha tushib, so‘nggi uch yildagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.

So‘mning mustahkamlanishi tashqi savdo defitsiti yuqori bo‘lib turgan bir paytda yuz bermoqda. Xo‘sh, bunga nimalar sabab bo‘lmoqda?

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Gazeta.uz nashri uchun yozgan tahliliy maqolasida so‘mning mustahkamlanishiga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillarni tahlil qildi.

Tashqi savdo defitsiti yagona omil emas

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning tashqi savdo defitsiti 9,3 mlrd dollarga yetdi. Shunga qaramay, so‘m dollarga nisbatan mustahkamlanmoqda.

Xolboyevning ta’kidlashicha, valyuta kursini faqat import va eksport o‘rtasidagi farq bilan izohlab bo‘lmaydi. Mamlakatga kelgan pul o‘tkazmalari, investitsiyalar va tashqi qarz orqali ham katta miqdorda valyuta kirib keladi.

Iqtisodchining qayd etishicha, aynan 2025-yilda ushbu oqimlar sezilarli darajada oshgan. Mamlakatga pul o‘tkazmalari tez o‘sgan, investitsiyalar va tashqi qarz oqimi ham yuqori bo‘lgan.

Bu valyuta bozorida taklifning oshishiga va so‘mning mustahkamlanishiga sharoit yaratgan.

Oltin eksporti va global omillar

Xolboyevga ko‘ra, 2025-yilda oltin narxining keskin oshishi ham O‘zbekiston uchun muhim omil bo‘lgan. Oltin eksportidan tushgan valyuta mamlakatdagi taklifni ko‘paytirgan.

Bundan tashqari, dollar 2025-yilda jahon bozorida boshqa ko‘plab valyutalarga nisbatan zaiflashgan.

Iqtisodchining ta’kidlashicha, so‘mning mustahkamlanishi ham shu global tendensiyaning bir qismi bo‘lgan.

Rossiya rublining kuchayishi ham O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etgan.

Xolboyevning qo‘shimcha qilishicha, bu asosiy mehnat bozoridan keladigan pul o‘tkazmalarining kutilganidan yuqori o‘sishiga yordam bergan.

2026-yilda vaziyat o‘zgargan, ammo so‘m mustahkamlanmoqda

Joriy yilda oltin eksporti keskin kamaydi. Shuningdek, rubl ham yil boshiga nisbatan zaiflashdi. Shunga qaramay, so‘mning mustahkamlanishi davom etdi.

Xolboyevning ta’kidlashicha, bunda oltinsiz eksportning yuqori o‘sishi muhim rol o‘ynamoqda.

Birinchi yarim yillikda umumiy eksport kamaygan bo‘lsa-da, oltinsiz eksport 30 foizdan ko‘proqqa oshgan. Ya’ni, oltin eksporti qisqargan bir paytda boshqa mahsulotlar eksportidan tushayotgan valyuta oqimi ortgan.

Iqtisodchiga ko‘ra, investitsiyalar va tashqi qarz oqimi ham o‘sishda davom etmoqda. Bundan tashqari, pul o‘tkazmalari ham yilning birinchi yarmida o‘sishini saqlab qolgan.

Markaziy bankning ta’siri

Xolboyev Markaziy bankning valyuta bozoridagi roliga ham e’tibor qaratgan. Uning ta’kidlashicha, Markaziy bank monetar siyosat orqali milliy valyutaga ta’sir ko‘rsatadi.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar pasayib, asosiy stavka yuqori darajada saqlanayotgani monetar sharoitlarning nisbatan qattiqlashishiga olib kelmoqda. Bu esa so‘m uchun ijobiy omil hisoblanadi.

Bundan tashqari, Markaziy bank oltin xaridlarini sterilizatsiya qilish orqali ham valyuta bozoriga ta’sir ko‘rsatadi.

Xolboyevning qayd etishicha, 2025-yilda yig‘ilgan valyuta zaxiralari joriy yilda ham so‘mni qo‘llab-quvvatlatayotgan bo‘lishi mumkin.

Aholi ham dollarni sotmoqda

Iqtisodchining fikricha, so‘mning uzoqroq muddat davomida mustahkamlanishi aholining jamg‘arma qarorlariga ham ta’sir qilgan.

Uning ta’kidlashicha, ilgari uyida dollar saqlagan fuqarolarning bir qismi milliy valyutadagi jamg‘armalarni jozibadorroq deb hisoblay boshlagan bo‘lishi mumkin. Natijada aholi qo‘lidagi xorijiy valyutaning bir qismi banklarga sotilmoqda.

2026-yilning birinchi choragida jismoniy shaxslar banklarga sotgan xorijiy valyuta hajmi 6 mlrd dollarga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘pdir.

Dollarning tushishi davom etadimi?

Xolboyevning ta’kidlashicha, so‘mning keyingi yillardagi harakati eksport, investitsiyalar va pul o‘tkazmalariga, shuningdek global iqtisodiy sharoitlarga bog‘liq bo‘ladi.

Oltinsiz eksportning yuqori sur’atlarda o‘sishi, oltin narxining ko‘tarilishi va Markaziy bankning nisbatan qat’iy monetar siyosati so‘m uchun ijobiy omillar bo‘lib qolishi mumkin.

Biroq asosiy mehnat bozorlaridagi vaziyatning yomonlashishi, pul o‘tkazmalari o‘sishining sekinlashishi va oltin narxining pasayishi milliy valyutaga bosim yaratishi mumkin.

Shu bilan birga, hukumat kelgusi yillarda so‘mning qadrsizlanishini kutmoqda. Fiskal strategiyada 2027–2029-yillar uchun so‘mning yillik o‘rtacha kursi bo‘yicha nisbatan past darajadagi qadrsizlanish prognoz qilingan.

#dollar_kursi#Mirkomil_Xolboyev

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan