Rossiya rubli uch oyda o‘zbek so‘miga nisbatan qariyb 20 foizga qadrsizlandi

28.08.2026 11:54
O'zbekchaРусский
Rossiya milliy valyutasi — rublning o‘zbek so‘miga nisbatan rasmiy kursi uch oydan ko‘proq vaqt ichida qariyb 20 foizga qadrsizlandi. 22-may kuni 1 rubl 169,53 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, 28-avgust uchun rasmiy kurs 136,73 so‘mni tashkil etgan.
Rossiya rubli uch oyda o‘zbek so‘miga nisbatan qariyb 20 foizga qadrsizlandi

Foto: Dreamstime.com

Rossiya milliy valyutasi — rublning o‘zbek so‘miga nisbatan rasmiy kursi uch oydan ko‘proq vaqt ichida qariyb 20 foizga qadrsizlandi. 

2026-yilning 22-mayida rublning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 169,53 so‘mni tashkil etgandi (2022-yil 20-dekabrdan keyingi davrda kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich).

Oradan uch oydan ko‘proq vaqt o‘tib, 28-avgustga kelib rasmiy kurs 32,8 so‘mga arzonlab, 136,73 so‘mga tushgan (2025-yil 12-fevraldan keyingi davrda kuzatilgan past ko‘rsatkich).

Bu rublning so‘mga nisbatan rasmiy kursi uch oydan ko‘proq vaqt ichida 19,3 foizga qadrsizlanganini ko‘rsatadi.

Rubl dollarga nisbatan ham zaiflashdi

Rublning so‘mga nisbatan qadrsizlanishi uning AQSh dollariga nisbatan ham zaiflashgan davrga to‘g‘ri keldi.

Rossiya Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 22-may kuni 1 AQSh dollarining rasmiy kursi 70,79 rublni tashkil etgan.

28-avgustga kelib esa dollar kursi 85,95 rubl etib belgilangan. Shunday qilib, ushbu davrda dollar kursi Rossiya rubliga nisbatan 21,4 foizga mustahkamlangan.

Rublning zaiflashuviga bir qancha omillar ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, Rossiya bozoridagi so‘nggi o‘zgarishlarni sharhlagan mutaxassislar neft narxlarining pasayishi, eksportchilarning valyuta tushumlarini sotishi kamayishi va valyutaga bo‘lgan talabning oshishini asosiy omillar sifatida sanab o‘tmoqda.

Sankt-Peterburg banki tahlilchisi Viktor Grigoryevning fikricha, rublga neft kotirovkalarining tushishi bosim o‘tkazgan.

Bundan tashqari, eksportchilarning aksariyati navbatdagi soliq to‘lovlari uchun zarur bo‘lgan valyuta tushumlarini oldindan sotib bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Buning natijasida bozorda xorijiy valyuta taklifi kamaygan. Bundan avvalgi davrda ham rublning zaiflashuvida neft narxlari va valyutaga bo‘lgan ichki talab muhim omillardan biri bo‘lgan edi.

#rubl#so'm

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan