Markaziy bank O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab maxsus esdalik oltin va kumush tangalarni sotuvga chiqardi.
Tangalar 999,9 probali sof oltin va kumushdan tayyorlangan bo‘lib, har birining vazni 31,1 grammni tashkil etadi.
Ularni uch donadan iborat kolleksiya to‘plami tarkibida yoki alohida xarid qilish mumkin.

Foto: Markaziy bank
To‘plamdagi uch tanga O‘zbekistonning milliy davlatchiligi, tarixiy merosi, milliy qadriyatlari va zamonaviy taraqqiyotini o‘zida aks ettirgan.

Foto: Markaziy bank
Dastlab 450 dona oltin va 800 dona kumush esdalik tangalari sotuvga chiqarilgan. Bozor talabidan kelib chiqib, ularning tiraji oshirilishi mumkin.
28-avgust holatiga ko‘ra, vazni 31,1 grammni tashkil etuvchi bitta esdalik oltin tanganing sotib olish narxi 57 039 000 so‘m etib belgilangan.

Manba: Markaziy bank
Qaytarib sotish narxi esa sotib olish narxidan 3 802 000 so‘mga (yoki 6,67 foizga) kam bo‘lib, 53 237 000 so‘mni tashkil etadi.
Narxlar kun davomida Markaziy bank tomonidan oltin narxining o‘zgarishiga qarab o‘zgarib boradi.
Esdalik tangalarni ushbu havolada ko‘rsatilgan shoxobchalar orqali xarid qilish mumkin.
