Viloyat va tumanlarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha shtablar tashkil etiladi

03.09.2026 15:08
O'zbekchaРусский
Prezident Shavkat Mirziyoyev har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etilishini ma’lum qildi. Banklar va bandlikka ko‘maklashish idoralari ushbu shtablarga joylardagi masalalarni hal qilishda ko‘maklashadi. Shuningdek, shtablarga moliyalashtirish bo‘yicha keng vakolatlar beriladi.
Viloyat va tumanlarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha shtablar tashkil etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

2026-yil 3-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Unga ko‘ra, har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Banklar va bandlikka ko‘maklashish idoralari ushbu shtablarga joylardagi masalalarni hal qilishda ko‘maklashadi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari esa haftada uch kun faqat kambag‘allik va bandlik masalalari bilan shug‘ullanadi.

Prezidentning aytishicha, tuman shtablariga moliyalashtirish bo‘yicha keng vakolatlar beriladi.

Jumladan, shtablar kimga qancha kredit berish, uni naqd yoki naqdsiz shaklda ajratish, kreditni qaytarish muddatini uzaytirish va to‘lov grafigini biznes turiga moslashtirish masalalarini mustaqil hal qiladi.

Subsidiya, foizsiz ssuda va inklyuziv moliyalashtirish masalalari ham shtablar vakolatiga o‘tkaziladi.

Buning uchun tuman shtablariga jami 3 trln 200 mlrd so‘m resurs yo‘naltiriladi.

Shuningdek, tadbirkorlik kompaniyasining kompensatsiyalar uchun yil yakunigacha nazarda tutilgan 300 mlrd so‘mlik qoldig‘i ham shtablar orqali yo‘naltirilishi belgilandi.

Yig‘ilishda kredit tarixida kechikishlari bo‘lgan ehtiyojmand aholining loyihalarini individual baholash asosida imtiyozli moliyalashtirish imkoniyati yaratilishi ham ta’kidlandi.

Shuningdek, yetakchi tadbirkor 10 ta oila bilan kooperatsiya qilsa, 500 mln so‘mgacha, 100 ta oila bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysa, 5 mlrd so‘mgacha garovsiz kredit olishi mumkin bo‘ladi.

Hozir oilaviy tadbirkorlik uchun 1 trln 370 mlrd so‘m, yoshlar tadbirkorligi uchun esa 450 mlrd so‘m resurs borligi ma’lum qilindi.

Ushbu mablag‘larni mahalliy sharoit va loyihalarning samaradorligidan kelib chiqib yo‘naltirish vakolati tuman shtablariga beriladi.

#shtablar#prezident#kambag'allikni_qisqartirish

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan