2026-yilning avgust oyida O‘zbekiston milliy valyutasi so‘m dollarga nisbatan 1,7 foizga mustahkamlandi.
E’tiborli jihati, so‘mning avgust oyidagi mustahkamlanishi joriy yilda kuzatilgan eng yirik oylik mustahkamlanish bo‘lgan.
Oy boshida (3-avgust kuni) rasmiy kurs 11 960,18 so‘mni tashkil etgan va bu oy davomidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan.
26-avgust kuniga kelib esa rasmiy kurs 11 778,52 so‘mni tashkil etdi. Bu so‘nggi uch yildagi, aniqrog‘i, 2023-yilning 10-avgustidan keyingi davrda kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir.
Shunday qilib, avgust oyida eng yuqori va eng past kurslar o‘rtasidagi farq 182 so‘mni yoki 1,5 foizni tashkil etdi.
Dollarning boshqa valyutalarga nisbatan o‘zgarishi
Avgust oyida AQSh dollari so‘mdan tashqari yana bir qator xorijiy valyutalarga nisbatan ham qadrsizlandi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning o‘rganishicha, avgust oyida quyidagi infografikada keltirilgan 39 ta valyutadan 25 tasi dollarga nisbatan mustahkamlangan.

Manba: Mirkonomika
Bunda Koreya voni eng yuqori mustahkamlangan valyuta bo‘lib, oy davomida 4,5 foizga qimmatlagan.
Oy davomida dollarga nisbatan eng ko‘p qadrsizlangan valyuta esa rubl bo‘lgan. Bir oyda rubl dollarga nisbatan o‘z qiymatini 7,2 foizga yo‘qotgan.
Bundan tashqari, tenge oy davomida dollarga nisbatan 2,1 foizga mustahkamlandi. Yirik valyutalarning barchasi avgust oyida dollarga nisbatan mustahkamlangan.
