IT Park sobiq rahbari Farhod Ibragimov Enterprise Uzbekistan boshqaruv raisi etib tayinlandi

04.09.2026 19:58
O'zbekchaРусский
Farhod Ibragimov uch yil muddatga Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi (Enterprise Uzbekistan) boshqaruv raisi etib tayinlandi. Markazni shu vaqtgacha boshqarib kelgan Amir Mardiyev faoliyatini markaz boshqaruv raisining maxsus huquqiy rejim bo‘yicha o‘rinbosari sifatida davom ettiradi.
IT Park sobiq rahbari Farhod Ibragimov Enterprise Uzbekistan boshqaruv raisi etib tayinlandi

Farhod Ibragimov / Foto: IT Park Uzbekistan

Farhod Ibragimov uch yil muddatga Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi (Enterprise Uzbekistan) boshqaruv raisi etib tayinlandi.

Tegishli qaror 2-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishda qabul qilindi.

Markazni shu vaqtgacha boshqarib kelgan Amir Mardiyev esa markaz boshqaruv raisining maxsus huquqiy rejim bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga uch yil muddatga tayinlandi.

Amir Mardiyev / Foto: IT Park Uzbekistan

Shu tariqa, markazning boshqaruv tarkibi quyidagicha tasdiqlandi.

  • Farhod Zairovich Ibragimov — Boshqaruv raisi
  • Amir Fozliddinovich Mardiyev — Boshqaruv raisining maxsus huquqiy rejim bo‘yicha o‘rinbosari, Boshqaruv a’zosi
  • Elyor Xo‘ja Axror o‘g‘li Maqsudov — Boshqaruv raisining Markaz ishtirokchilari bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, Boshqaruv a’zosi
  • Bahodir Shavkatovich Ayupov — Boshqaruv raisining xalqaro biznesni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari, Boshqaruv a’zosi
  • Sardorjon Sobirjon o‘g‘li Axmedov — Boshqaruv raisining operatsion boshqaruv bo‘yicha o‘rinbosari, Boshqaruv a’zosi

Ma’lumot uchun, Farhod Ibragimov 2019-yilning yanvar oyidan 2025-yilning fevraliga qadar IT Park Uzbekistan bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

2025-yilning fevral oyidan hozirgacha esa IT Park Uzbekistan Kuzatuv kengashi raisi lavozimida ishlab kelgan.

Enterprise Uzbekistan qanday tashkilot?

Enterprise Uzbekistan — Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi bo‘lib, 2024-yilning fevral oyida Prezident farmoni asosida tashkil etilgan.

Markaz O‘zbekistonga yirik xalqaro IT kompaniyalarini jalb qilish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va IT xizmatlari eksportini oshirish maqsadida tuzilgan.

Markazda sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, dasturiy mahsulotlar, startaplar, tadqiqot va ishlanmalar hamda ma’lumotlar markazlari kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritish mumkin.

Shu orqali xorijiy va mahalliy IT kompaniyalariga O‘zbekistonda xalqaro bozorga mo‘ljallangan mahsulot va xizmatlarni yaratish uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.

Markazning eng muhim jihatlaridan biri — uning Angliya va Uels umumiy huquqi tamoyillari asosida ishlashidir. Ya’ni, markazda xalqaro kompaniyalar uchun o‘zlariga tanish bo‘lgan huquqiy qoidalarni qo‘llash imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, markaz doirasida xalqaro tijorat sudining faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, markaz rezidentlariga soliq va bojxona imtiyozlari, mablag‘larni O‘zbekistonga erkin olib kirish va olib chiqish, xorijiy valyutada ishlash kabi qulayliklar yaratiladi.

Bu imkoniyatlar O‘zbekistonni yirik xalqaro IT kompaniyalari va investorlar uchun jozibador bozorga aylantirishga qaratilgan.

2030-yilgacha Enterprise Uzbekistan orqali mingtagacha kompaniyani jalb qilish, 300 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish va IT xizmatlari eksportini 5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun markaz faoliyatining huquqiy asoslarini belgilab beradi. Qonun prezident tomonidan imzolangan bo‘lib, 2027-yil 21-yanvardan kuchga kiradi.

#ovqatlanish

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan