O‘zbekiston rasmiy taksi bozorining sakkiz oylik aylanmasi 7 trln so‘mdan oshdi — tahlil

07.09.2026 09:55
O'zbekchaРусский
2026-yilning dastlabki sakkiz oyida O‘zbekistonda taksi agregatorlari orqali 329 mln martadan ortiq yo‘lovchi tashilgan. Bu davrda yo‘lovchi tashish aylanmasi 7,2 trln so‘mni tashkil etgan.
O‘zbekiston rasmiy taksi bozorining sakkiz oylik aylanmasi 7 trln so‘mdan oshdi — tahlil

Foto: Yandex Maps

Soliq qo‘mitasi 2026-yilning yanvar-avgust oylari uchun O‘zbekistonda rasmiy taksi bozorining ayrim ko‘rsatkichlarini ochiqladi.

1-sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 242 ta taksi agregatori soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.

Ular orqali 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida 329 million martadan ko‘proq yo‘lovchi tashilgan. Shu davrda agregatorlarning yo‘lovchi tashish aylanmasi 7 trln 168 mlrd so‘mni tashkil etgan.

To‘lovlarning 63 foizi naqd, qolgan 37 foizi esa naqdsiz shaklda amalga oshirilgan. Bunda o‘rtacha chek miqdori — 21 785 so‘m.

Agregatorlar ushbu davrda 149,2 mlrd so‘m soliq to‘lagan, buning 46,8 mlrd so‘mi qo‘shilgan qiymat solig‘i hissasiga to‘g‘ri keladi.

Taksi haydovchilari

2026-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, 481 115 nafar haydovchi agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish faoliyati bilan o‘zini o‘zi band qilgan. Ularning 0,85 foizi yoki 4 107 nafari ayollardir.

2026-yilning dastlabki sakkiz oyida o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilarining agregatorlar orqali topgan daromadi quyidagicha bo‘lgan:

  • 100 mln so‘mdan ko‘p — 7,9 ming haydovchi (1,6%)
  • 50–100 mln so‘m — 31,5 ming haydovchi (6,5%)
  • 10–50 mln so‘m — 124,4 ming haydovchi (25,9%)
  • 5–10 mln so‘m — 59,9 ming haydovchi (12,5%)
  • 1–5 mln so‘m — 123,6 ming haydovchi (25,7%)
  • 1 mln so‘mgacha — 133,7 ming haydovchi (27,8%)

Ushbu davrda taksi haydovchilari yo‘lovchi tashishda quyidagi avtomobil modellaridan eng ko‘p foydalangan:

  • Cobalt – 27 foiz
  • Nexia – 19,3 foiz
  • Lacetti – 16,1 foiz

Agregatorlar orqali ro‘yxatdan o‘tgan jami taksi haydovchilarining 2,5 foizi safarlarni elektromobillarda amalga oshirgan.

Avtomobillarning ishlab chiqarilgan yiliga ko‘ra yoshi esa quyidagicha bo‘lgan:

  • 1–3 yil — (16,3%)
  • 3–5 yil — (37,1%)
  • 5–10 yil — (17,3%)
  • 10 yildan ortiq — (29,2%)
#taksi_bozori

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan