Turonbank ustav kapitalidagi davlat ulushi xususiylashtiriladi

08.09.2026 15:48
O'zbekchaРусский
2026–2027-yillarda ommaviy savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan davlat ulushi mavjud korxonalar ro‘yxati shakllantirildi. Ro‘yxatga Turonbank ham kiritilgan bo‘lib, bank ustav kapitalidagi 98,9 foizlik davlat ulushini xususiylashtirish rejalashtirilgan.
Turonbank ustav kapitalidagi davlat ulushi xususiylashtiriladi

Foto: Turonbank

2026-yil 28-avgust kuni iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga bilan mamlakatdagi davlat ulushi mavjud bir qator kompaniyalarni ularning aksiyalari va ulushlarini ochiq savdoga chiqarish orqali xususiylashtirish rejalashtirilmoqda.

Farmonda xususiylashtiriladigan tashkilotlar ro‘yxati va ularning qancha ulushi sotilishi belgilab qo‘yilgan.

2026–2027-yillarda aksiya paketlari ommaviy savdoga chiqariladigan tashkilotlar ro‘yxatida Turonbank aksiyadorlik tijorat bankining 98,9 foiz ulushini xususiylashtirish ham qayd etilgan.

Farmonga ko‘ra, Turonbank ustav kapitalidagi davlat ulushi xalqaro maslahatchilarning xulosalari asosida hamda bankning jarayonga tayyorligi darajasidan kelib chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan xususiylashtiriladi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ko‘ra, Turonbank aksiyalarining 87,7 foiziga O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, 10,27 foiziga esa O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi egalik qiladi.

Ushbu ikki davlat muassasasining umumiy ulushi 97,98 foizga teng. Qolgan 2,02 foizlik ulush esa bir nechta yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lib, ularning birortasining ham bankdagi ulushi 1 foizga yetmaydi.

2026-yil birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, Turonbank aktivlari 21 trln 951 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shundan 19 trln 837 mlrd so‘mi bank majburiyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bank 2025-yilni 25 mlrd so‘m sof foyda yakunlagan. Bu ko‘rsatkich bilan bank davlat banklari orasida eng past natijani qayd etgan.

#turonbank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan