ANORBANK ta’sischiligida Anor Sug‘urta aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi

08.09.2026 17:49
O'zbekchaРусский
ANORBANK ta’sischiligida Anor Sug‘urta aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Yangi kompaniya bankning sho‘ba xo‘jalik jamiyatlari va affillangan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.
ANORBANK ta’sischiligida Anor Sug‘urta aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi

Foto: ANORBANK

ANORBANK ta’sischiligida Anor Sug‘urta aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.

Korporativ axborot yagona portalida joylangan axborotga ko‘ra, Anor Sug‘urta aksiyadorlik jamiyati bankning sho‘ba xo‘jalik jamiyatlari ro‘yxatiga qo‘shilgan.

Shuningdek, yangi tashkilot 4-sentyabr kuni bankning affillangan shaxslari ro‘yxatiga ham kiritilgan.

Portalda tashkilotning manzili sifatida Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Sayram ko‘chasi, 5-tor ko‘chasi, 4-uy qayd etilgan.

Hozirda korxona va tashkilotlar reyestrida Anor Sug‘urta aksiyadorlik jamiyati bo‘yicha ma’lumot topishning imkoni bo‘lmagani bois, uning faoliyat turi, ustav kapitali hamda rahbari kabi tafsilotlarni aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

Korporativ axborot yagona portalida ham bunga oid yoki tashkilot bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlar keltirilmagan.

Shunday qilib, ANORBANK sho‘ba xo‘jalik jamiyatlari soni uchtaga yetdi. Ular quyidagilar:

  • "Anor Estate" MChJ — moliyaviy lizing faoliyati bo‘yicha ro‘yxatga olingan.
  • "Anor Tech" MChJ — dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqarish faoliyati bo‘yicha ro‘yxatga olingan.
  • "Anor Sug‘urta" AJ — faoliyat turi hozircha noma’lum, biroq uning nomidan hamda aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilganidan kelib chiqib, sug‘urta faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin, degan xulosaga kelish mumkin.

Ma’lumot uchun, ANORBANK ta’sischisi Olimov Qahramonjon Anvarovich O‘zbekistondagi eng yirik sug‘urta tashkilotlaridan biri bo‘lgan Kapital Sug‘urta kompaniyasining asosiy aksiyadori sanaladi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ko‘ra, Olimov ANORBANK aksiyalarining 99,39 foiziga, Kapital Sug‘urta kompaniyasining esa 87,7 foiz aksiyalariga egalik qiladi.

#anorbank#anor_sug'urta

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan