O‘zbekistonda so‘mga tenglashtirilgan HUMO nomli raqamli tokendan to‘lov vositasi sifatida foydalanish bo‘yicha tajriba loyihasi boshlanmoqda.
Markaziy bank ushbu loyiha qanday amalga oshirilishi borasida ma’lumot berdi.
Loyiha Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi nazoratida, “HUMO Digital” MChJ ishtirokida amalga oshiriladi.
Bunda HUMO tokeni barqaror token sifatida chiqarilib, uning 1 donasi 1 so‘mga teng bo‘ladi. Tokenlar O‘zbekiston davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Tajriba loyihasi davomida tokenlarni chiqarish, muomalaga kiritish va keyinchalik so‘ndirish mexanizmlari sinovdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, HUMO tokeni orqali O‘zbekiston hududida tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun haq to‘lash hamda bunday to‘lovlarni qabul qilish imkoniyati tekshiriladi.
Buning uchun banklar, to‘lov tizimlari va blokcheyn infratuzilmasini HUMO tokenidan foydalanib hisob-kitoblarni amalga oshirish imkonini beradigan tarzda integratsiya qilish ko‘zda tutilgan.
Loyihada hamkor sifatida kripto-depozitariy, kripto-birja va kripto-do‘kon faoliyati uchun tegishli litsenziyalarga ega Asterium AJ ishtirok etishi belgilangan.
Tokenning xavfsizligi ham baholanadi
Tajriba loyihasi davomida tokenning texnik jihatdan ishlashi bilan birga, uning ta’minoti yetarliligi, operatsiyalarning shaffofligi, moliyaviy va operatsion xatarlar, axborot va kiberxavfsizlik masalalari ham baholanadi.
Shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha talablarning bajarilishi nazorat qilinadi.
Markaziy bank loyihaning pul-kredit siyosati va moliyaviy barqarorlikka qanday ta’sir qilishini ham kuzatib boradi.
Loyiha qancha davom etadi?
Tajriba loyihasining dastlabki muddati 12 oy etib belgilangan. Zarurat tug‘ilganda u uzaytirilishi mumkin, biroq loyihaning umumiy muddati uch yildan oshmasligi belgilangan.
Loyiha yakunida davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta’minlangan bunday raqamli tokenlardan to‘lovlarda foydalanish imkoniyatlari va ular bilan bog‘liq xatarlar baholanadi.
Olingan natijalar asosida O‘zbekistonda raqamli moliyaviy vositalarni tartibga solish bo‘yicha takliflar ishlab chiqarilishi ko‘zga tutilgan.
