Avgust oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 7 mlrd 788 mln dollarga ortdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.
2026-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari hajmi 72 mlrd 135 mln dollarni tashkil etmoqda.

Manba: Markaziy bank
E’tiborlisi, bu zaxiralar hajmi bo‘yicha 1-mart holatidagi 77 mlrd dollarlik rekord ko‘rsatkichdan keyingi eng yuqori natijadir.
Avgust oyida zaxiralar hajmining bunday keskin oshishi oltin narxining ko‘tarilishi hamda zaxiradagi oltinning fizik hajmi ortishi hisobiga ta’minlangan.
Xususan, oy davomida oltin narxi 4052 dollardan 4602 dollargacha ko‘tarildi. Bu zaxiradagi oltin qiymatining qariyb 7,8 mlrd dollarga oshishiga ta’sir ko‘rsatdi.
Shuningdek, avgust oyida zaxiradagi oltinning fizik hajmi 8,05 tonnaga ko‘payib, 438,83 tonnaga yetgan. Bu ko‘rsatkich oltinning fizik hajmi bo‘yicha yangi rekord hisoblanadi.
Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari esa bu oyda 1 mlrd dollardan ko‘proqqa kamayib, 6 mlrd 635 mln dollarni tashkil etgan.
