Foizsiz kredit va’dasi bilan fuqarolarning 17 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ini o‘zlashtirgan jinoiy guruh fosh etildi

14.09.2026 14:31
O'zbekchaРусский
Toshkent viloyatida fuqarolarga foizsiz kredit olib berishni va’da qilgan jinoiy guruh 400 dan ortiq fuqaroni aldab, ularning nomiga rasmiylashtirilgan kreditlarning qariyb yarmini — 17 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlandi. Olti nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan.
Foizsiz kredit va’dasi bilan fuqarolarning 17 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ini o‘zlashtirgan jinoiy guruh fosh etildi

Foto: Interfax

Toshkent viloyatida fuqarolarga foizsiz yoki juda kam foizli kredit olib berishni va’da qilgan jinoiy guruh fosh etildi.

Guruh a’zolari 400 dan ortiq fuqaroni aldab, ularning nomiga rasmiylashtirilgan kreditlarning qariyb yarmini — 17 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlandi.

Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, firibgarlar internet tarmoqlarida foizsiz kredit olib berish haqida e’lonlar joylashtirgan va ularga qiziqqan fuqarolarni ijaraga olingan ofislarga chaqirgan.

Ular fuqarolarga nomiga ma’lum miqdorda kredit rasmiylashtirib, uning yarmini berishni, qolgan yarmini esa o‘zlariga olib qolishni taklif qilgan. Kreditning oylik to‘lovlarini esa firibgarlarning o‘zlari to‘lab borishga va’da bergan.

Biroq amalda kreditlar fuqarolarning nomiga ularning telefonlari orqali rasmiylashtirilgan. Kredit ajratilgach, pulning teng yarmini firibgarlar olib qo‘ygan. Oradan vaqt o‘tib, banklar fuqarolardan kreditni to‘lashni talab qila boshlagan.

Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olti nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan.

Ichki ishlar organlari fuqarolarni internetdagi “foizsiz” yoki juda arzon kredit haqidagi takliflarga ishonmaslikka chaqirdi.

#firibgarlik#foizsiz_kredit

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan