Raqobat qo‘mitasi WB Taxi kompaniyasiga taksi xizmatlarida iste’molchilar huquqlarini ta’minlash yuzasidan so‘rov yubordi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda qo‘mitaga hamda ijtimoiy tarmoqlarga taksi xizmatlari yuzasidan yo‘lovchilardan ko‘plab e’tirozli murojaatlar kelib tushmoqda.
Xususan, 2026-yilning dastlabki yetti oyi davomida aynan WB Taxi faoliyati bilan bog‘liq 20 ga yaqin shikoyat qayd etilgan.
Iste’molchilar xizmatdan foydalanish jarayonida buyurtma qilingan taksilar belgilangan manzilga kelmayotgani, haydovchilar bilan qayta aloqaga chiqishning imkoni yo‘qligi va bunday holatlarda platforma operatori tomonidan hech qanday tezkor chora ko‘rilmayotganidan e’tiroz bildirishgan.
Qo‘mita o‘tkazgan o‘rganishlar natijasida WB Taxi tomonidan bir qator amaldagi qonunchilik hujjatlariga yetarlicha rioya etilmayotgani aniqlandi.
Ushbu holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi barcha e’tirozlarni nazoratga olib, WB Taxi agregatoriga qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, yo‘lovchilarning kompaniya bilan qayta aloqa o‘rnatishi va zarur ma’lumotlarni olishi uchun tegishli imkoniyatlarni yaratish choralarini ko‘rish bo‘yicha so‘rov yubordi.
