Pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha Prezident farmoni loyihasi e’lon qilindi. Loyihaga ko‘ra, 2028-yil 1-yanvardan pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borish taklif etilmoqda.
Natijada 2039-yilga borib pensiya yoshi erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun esa 58 yosh etib belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Loyihada, shuningdek, 2027-yildan pensiya tayinlash uchun talab etiladigan eng kam ish stajini hozirgi 7 yildan har yili bir yilga oshirib, 2034-yilda 15 yilga yetkazish taklif qilingan.
Yetarli ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarning belgilangan pensiya yoshidan besh yil o‘tgach, yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlanib qoladi.
Pensiya yoshi oshiriladigan davrda fuqaroni pensiyaoldi yoshida bo‘lganligi sababli ishdan bo‘shatish yoki ishga qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmasligi, ishsiz deb e’tirof etilganlar uchun esa muddatidan ikki yil avval pensiyaga chiqish huquqi saqlanishi nazarda tutilgan.
Ushbu hujjat farmon loyihasi bo‘lib, hozirda uning jamoatchilik muhokamasi 30-sentyabrgacha davom etadi. Muhokama yakuniga qadar fuqarolar loyiha bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini yuborishlari mumkin.
