Markaziy bank, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimi operatorlari o‘rtasida InfoCards axborot almashinuvi tizimi joriy etildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi tizim bank kartasi bloklangan taqdirda uning qaysi huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan, qachon va qanday sababga ko‘ra bloklanganiga oid ma’lumotlarni tezkor aniqlash imkonini beradi.
Endilikda buning uchun fuqaroning qo‘shimcha ravishda Markaziy bankka murojaat qilishi talab etilmaydi. Karta egasi o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga murojaat qilishi kifoya.
Bank InfoCards tizimi orqali tegishli ma’lumotlarni aniqlab, kartaning bloklanishi yuzasidan tushuntirish beradi.
Qayd etilishicha, mazkur tizim fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirish, ortiqcha ovoragarchilikni kamaytirish hamda bank xizmatlaridan foydalanishda tezkorlik va shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.
