Asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi

16.09.2026 12:39
O'zbekchaРусский
Markaziy bank 16-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi. Regulyatorga ko‘ra, iqtisodiyotda narxlar oshishiga bo‘lgan bosimlar saqlanib qolmoqda. Shu sababli asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish zarur deb topildi.
Asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi

Foto: Avenir Deberdeyev / Sputnik

Markaziy bank 16-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi

Regulyatorga ko‘ra, inflyatsiya pasayishda davom etayotgan bo‘lsa-da, iqtisodiyotda narxlar oshishiga ta’sir qiluvchi ayrim omillar saqlanib qolmoqda. Shu sababli amaldagi qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirish zarur deb topilgan. 

Avgust oyida umumiy inflyatsiya 6,2 foizgacha pasaygan, bazaviy inflyatsiya esa 5,5 foizni tashkil qilgan. Biroq yillik narx o‘sishi 5 foizdan yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar ulushining ortishi narxlar bo‘yicha bosimlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. 

Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari ham pasaygan. Biroq ularning pasayish sur’ati umumiy inflyatsiyaga nisbatan sekinroq bo‘lgan. Markaziy bank buni narxlarning shakllanishida avvalgi inflyatsiyaning ta’siri saqlanib qolayotgani bilan izohlagan. 

Ichki talab ham yuqori darajada qolmoqda. Chakana savdo, xizmatlar va investitsiyalardagi ijobiy tendensiyalar iste’mol va investitsiya faolligi saqlanayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, amaldagi pul-kredit sharoitlari ta’sirida kreditlarning o‘sish sur’atlari bosqichma-bosqich sekinlashmoqda — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Tashqi bozorlardagi vaziyat ham inflyatsiya uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Jahon xomashyo, oziq-ovqat va energiya narxlarining yuqori darajada qolayotgani import narxlari, transport va logistika xarajatlari orqali ichki narxlarga ta’sir qilishi mumkin. 

Bundan tashqari, tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish jarayoni ishlab chiqarish xarajatlari va xizmatlar narxiga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin. Shu sababli Markaziy bank inflyatsion bosimlarni cheklash va inflyatsion kutilmalarning pasayishini ta’minlash uchun qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni zarur deb hisoblashini qayd etgan. 

Markaziy bank inflyatsiyani 2027-yil yakuniga qadar 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushirish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini ta’minlashda davom etishini ma’lum qildi. Asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish joriy yilning 28-oktyabr kuni o‘tkazilishi belgilangan.

#asosiy_stavka

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan