Janubiy Koreyaning Hana Banki O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda

16.09.2026 15:17
O'zbekchaРусский
Janubiy Koreyaning Hana Banki joriy yil yakunigacha O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda. Agar vakolatxonani tashkil etish belgilangan muddatda yakunlansa, bank Markaziy Osiyo moliya bozori va biznes imkoniyatlarini o‘rganib, mahalliy bozorga to‘laqonli kirish uchun ish boshlaydi.
Janubiy Koreyaning Hana Banki O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda

Foto: Alamy

Janubiy Koreyaning Hana Banki O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda.

11-sentyabr kuni O‘zbekiston Investitsiya vazirligi hamda Hana Bank rasmiylari o‘rtasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi. Bu haqda Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi ma’lum qildi.

Foto: Hana Bankning Global biznes bo‘limi rahbari Yun Te-sun (o‘ngda) va O‘zbekiston Investitsiya vaziri Laziz Qudratov (o‘rtada)

Kelishuv doirasida O‘zbekistonda moliyaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni aniqlash, Hana Bankning mahalliy bozorga kirishini qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakat moliya sanoatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish rejalashtirilgan.

Bankning birinchi bosqichdagi rejasi O‘zbekistonda to‘liq tijorat banki ochish emas, balki vakolatxona tashkil etishdir. U 2026-yil oxirigacha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, Hana Bank O‘zbekistonni Markaziy Osiyo bozoriga chiqish uchun asosiy markazlardan biri sifatida belgilagan.

Agar vakolatxona yil oxirigacha tashkil etilsa, bank Markaziy Osiyo moliya bozoridagi imkoniyatlar va biznes yo‘nalishlarini o‘rganib, mintaqaga to‘liq kirish bo‘yicha faoliyatini boshlaydi — deyiladi Yonhap nashrining xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Janubiy Koreya kapitali ishtirokidagi KDB Bank Uzbekistan 1997-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.

#hana_bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan