Uzum ekotizimi umumiy qiymati 50 mln dollar bo‘lgan valyuta obligatsiyalarini chiqarishga tayyorlanmoqda.
15-sentyabr kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mazkur emissiyani ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda ekotizimning matbuot xizmati ma’lum qildi.
Kompaniya ushbu emissiya doirasida investorlarga 8,5 foiz daromadlilik taklif etmoqda.
Emissiyaning boshqa shartlari, jumladan, har bir obligatsiyaning nominal qiymati va muomalada bo‘lish muddati kabilar hozircha ma’lum emas.
Kompaniya ushbu valyuta obligatsiyalarini asosan xorijiy investorlar o‘rtasida joylashtirishni rejalashtirmoqda.
Jalb qilingan mablag‘larni esa kompaniyaning fintex xizmatlarini rivojlantirish hamda yangi mahsulotlar yaratishga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda Uzum ekotizimi obligatsiyalar orqali mablag‘ jalb qilishga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
Mazkur valyuta obligatsiyalari kompaniyaning oltinchi obligatsiya emissiyasi bo‘lib, bungacha u umumiy qiymati 2,1 trln so‘m bo‘lgan milliy valyutadagi obligatsiyalarni chiqargan.
Endilikda kompaniya xorijiy valyutadagi obligatsiyalar emissiyasi doirasida xorijiy investorlardan ham mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda.
