O‘zbekistonda Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqaruvchi UzAuto Motors hamda unga ayrim ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi UzAuto Motors Powertrain kompaniyalari tez orada xususiylashtirilishi kutilmoqda.
17-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev tez orada ushbu ikki kompaniya bo‘yicha tender e’lon qilinishini ma’lum qildi.
Tez orada ikkita davlat kompaniyasi — UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain bo‘yicha tender e’lon qilamiz — dedi agentlik direktori o‘rinbosari, deya xabar bermoqda Spot nashri muxbiri.
Eslatib o‘tamiz, 28-avgust kuni Prezidentning iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha farmoni qabul qilingan edi.
Farmorda UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, Alvarez & Marsal kompaniyasi ushbu jamiyatlarni xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqadi va savdo jarayonlarini tashkil etadi.
Bunda to‘rt oy ichida savdo oldidan kompaniyalarning investitsion, ishlab chiqarish va moliyaviy holati bo‘yicha materiallar tayyorlanishi kerak.
Shuningdek, ikki oy muddatda har ikki kompaniyaning davlat ulushlarini xalqaro bozorda ochiq ommaviy savdoga chiqarish rejalashtirilgan.
Savdo natijasida g‘olib aniqlangach, O‘zbekiston hukumati va General Motors o‘rtasidagi kelishuvda belgilangan shart va majburiyatlarni davlat ulushini sotib olgan savdo g‘olibiga o‘tkazish uchun tegishli hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilishi belgilangan.
