Asakabank birinchilardan bo‘lib xususiylashtirilishi mumkin

17.09.2026 18:07
O'zbekchaРусский
O‘zbekistonda hozirda mavjud to‘qqizta davlat bankidan biri Asakabank birinchilardan bo‘lib xususiylashtirilishi mumkin. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyevning ma’lum qilishicha, bankni sotuvga tayyorlash jarayonida maslahatchilar ishlamoqda.
Asakabank birinchilardan bo‘lib xususiylashtirilishi mumkin

Foto: Bankers.uz

O‘zbekistonda hozirda mavjud to‘qqizta davlat bankidan biri Asakabank birinchilardan bo‘lib xususiylashtirilishi mumkin. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bankni sotuvga tayyorlash jarayonida maslahatchilar ishlamoqda. Miraliyevning ta’kidlashicha, davlat banklarini xususiylashtirish vakolati Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklatilgan.

Banklarni sotishga tayyorlashda esa sotuvdan oldingi tayyorgarlik va maslahatchilarning xulosalari muhim hisoblanadi.

Miraliyev banklar ko‘plab omillar, jumladan, geosiyosiy vaziyat ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan sezgir aktivlar ekanligini ta’kidladi.

Uning aytishicha, Asakabank xususiylashtirish jarayoniga tayyor bo‘lishiga qarab birinchilardan bo‘lib sotilishi mumkin.

Shu bilan birga, Miraliyev bankni xususiylashtirish jarayoni katta ehtimol bilan joriy yil oxirigacha yakunlanmasligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 20-aprel kuni Prezidentning Asakabankni xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qarori qabul qilingan edi.

Hujjatda bankni xususiylashtirishdan oldin uning moliyaviy holatini yaxshilash va faoliyatini soddalashtirish bo‘yicha bir qator choralar belgilangan.

Jumladan, 2026-yilda davlat budjetidan Asakabank ustav kapitaliga 95 mln dollar ekvivalentida mablag‘ kiritiladi.

Bankning Iqtisodiyot va moliya vazirligi oldidagi qariyb 1,99 trln so‘mlik qarzi ham ustav kapitaliga aylantirilishi mumkin.

Shuningdek, bankka tegishli, asosiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan qiymati 382,6 mlrd so‘mlik to‘rtta loyiha Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi.

Qarorda Asakabank aksiyalarining 15 foizini Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga sotish ham nazarda tutilgan. Buning uchun aksiyalar narxi va investitsiya shartnomasi shartlari ishlab chiqiladi.

Xususiylashtirishga tayyorgarlik jarayonida xalqaro moliyaviy va yuridik maslahatchilarni jalb qilishga ham ruxsat berilgan.

Bundan tashqari, bankning muammoli kreditlari bo‘yicha kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash mexanizmi ishlab chiqiladi.

Bunda uzoq muddatli kredit liniyalari, depozitlar va davlat budjeti mablag‘laridan foydalanish ko‘zda tutilgan.

#asakabank#xususiylashtirish

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan