Agrobank o‘zining venchur fondini tashkil etdi

18.09.2026 11:34
O'zbekchaРусский
Agrobank aksiyadorlik tijorat banki tomonidan qishloq xo‘jaligidagi startap loyihalarni moliyalashtirish uchun ustav kapitali 73 mlrd so'm bo‘lgan Agro Ventures fondi ta’sis etildi.
Agrobank o‘zining venchur fondini tashkil etdi

Agrobank aksiyadorlik tijorat banki tomonidan qishloq xo‘jaligida startap loyihalarni moliyalashtirish uchun Agro Ventures fondi ta’sis etildi. Fond 2026-yilning 4-sentyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ko‘ra, fondga 73 mlrd so‘m ustav kapitali shakllantirilgan. Bu 18-sentyabr kungi amaldagi kurs bo‘yicha hisoblanganda 6 mln 169 ming dollar deganidir.

Foto: stat.uz

Ochiq reyestrda fondning rahbari sifatida Mirolim Abdullayev ko‘rsatilgan. Uning LinkedIn sahifasiga ko‘ra, u 2022-yil iyul oyidan buyon AloqaVentures fondida investitsiya direktori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 13-mart kuni Prezidentning qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga oid qarori qabul qilingan edi.

Hujjatda Agrobank tomonidan 2026–2027-yillarda qishloq xo‘jaligiga doir 10 ta startap loyihani amalga oshirish maqsad qilib belgilangan.

Shuningdek, qarorda Agrobank ta’sischiligida Agro Ventures sho‘ba xo‘jalik jamiyatini tashkil etish ham nazarda tutilgan.

Bunda bank tomonidan United Ventures venchur kompaniyasining ustav kapitaliga yo‘naltiriladigan mablag‘lar doirasida 73 mlrd so‘mni Agro Ventures ustav kapitalini shakllantirishga yo‘naltirish tavsiya etilgan.

Bundan tashqari, Agro Ventures tomonidan startaplarni moliyalashtirish uchun akselerator va inkubator dasturlarini yo‘lga qo‘yish, xakatonlar o‘tkazish hamda qishloq xo‘jaligidagi startaplar va innovatsion g‘oyalar uchun grant dasturlarini joriy etish belgilangan.

#agrobank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan