Markaziy bank zaxiralarning bir qismini tashqi boshqaruvga berishni ko‘rib chiqmoqda

18.09.2026 15:35
O'zbekchaРусский
O‘zbekiston Markaziy banki xalqaro zaxiralarning bir qismini tashqi boshqaruvga o‘tkazishni ko‘rib chiqmoqda. Bu orqali portfelni boshqarishda xalqaro mutaxassislar tajribasidan foydalanish va keyinchalik ushbu tajribani Markaziy bank tizimiga olib kirish rejalashtirilmoqda.
Markaziy bank zaxiralarning bir qismini tashqi boshqaruvga berishni ko‘rib chiqmoqda

Timur Ishmetov / Foto: Markaziy bank

O‘zbekiston Markaziy banki xalqaro zaxiralarning bir qismini tashqi boshqaruvga o‘tkazishni ko‘rib chiqmoqda. Bu orqali portfelni boshqarishda xalqaro mutaxassislar tajribasidan foydalanish va keyinchalik ushbu tajribani Markaziy bank tizimiga olib kirish rejalashtirilmoqda.

Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 18-sentyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan davlat aktivlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro forumda ma’lum qildi.

Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank xalqaro zaxiralarni aktivlar sinflari, valyutalar va kontragentlar bo‘yicha yanada diversifikatsiya qilmoqchi. Bunda qarorlar xavfsizlik, likvidlilik va daromadlilik tamoyillari asosida, aynan shu ketma-ketlikda qabul qilinadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Markaziy banki 2024-yilda ilk bor AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini xarid qilgan. Ishmetov buni zaxiralar portfelini diversifikatsiya qilishdagi muhim qadam sifatida qayd etdi.

Uning aytishicha, zaxiralar tarkibini kengaytirish bilan birga, ularni boshqarish bo‘yicha institutsional salohiyatni oshirish ham muhim.

Tashqi boshqaruvga o‘tkaziladigan aktivlar orqali Markaziy bank mutaxassislari xalqaro boshqaruv kompaniyalari bilan bevosita bozorlarda ishlashi va orttirilgan tajribani tashkilot ichiga olib kirishi mumkin.

Markaziy bank raisi jahon zaxiralarida oltinning roli oshib borayotganini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil yakunida markaziy banklar zaxiralaridagi oltinning qiymati ularga tegishli AQSh g‘aznachilik obligatsiyalari qiymatidan oshgan.

Jahon oltin kengashi so‘roviga ko‘ra, markaziy banklarning 89 foizi kelgusi yillarda jahon oltin zaxiralari oshishini kutmoqda.

Mamlakat xalqaro zaxiralari

2026-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari hajmi 72 mlrd 135 mln dollarni tashkil etmoqda.

Qayd etilishicha, bu mamlakat importini bir yildan ortiq muddat davomida qoplash imkonini beradi. Zaxiralarda oltinning fizik hajmi esa 438,8 tonnaga yetib, rekord darajaga chiqqan.

#markaziy_bank#oltin-valyuta

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan